19:19 / 05.02.2024
13827

Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Alixan Smailov hukumatini iste’foga chiqardi. Bosh vazir vazifalari vaqtincha bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Roman Sklyarga yuklatildi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 5 fevral kuni hukumatning iste’fosini qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat matni Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan.

Bosh vazir lavozimida Alixan Smailov o‘rnini Roman Sklyar egallagan. Prezident uning zimmasiga hukumat rahbari vazifasini vaqtincha bajarib turishni yuklagan. U bungacha hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Hukumat iste’foga chiqarilishi sabablari haqida ma’lumot berilmagan. Hujjatda Qozog‘iston hukumati a’zolari hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etishi qayd etilgan.

«Vlast.kz» nashri qayd etishicha, 7 fevral kuni Qozog‘istonda prezident ishtirokida hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yig‘ilishda o‘tgan yil davomida qilingan ishlar sarhisob qilinadi.

Alixan Smailov Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan

Alixan Smailov ikki yil muqaddam — 2022 yil yanvaridagi namoyishlardan keyin bosh vazirlikka tayinlangandi. Hukumat rahbari bo‘lishdan avval u bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid
Top