O‘zbekiston | 10:11 / 08.02.2024
15586
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Milliy gvardiya xodimi va advokat pora bilan qo‘lga olindi

Milliy gvardiya xodimi fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilib berish uchun 1 500 dollar, advokat esa qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanishini bekor qilib berishni va’da qilib 600 dollar olganda ushlangan. 

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand viloyatida Milliy gvardiya xodimi va advokat pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Oqdaryo tumanida yashovchi, Milliy gvardiya Samarqand viloyati qo‘riqlash boshqarmasi Ishtihon tumanlararo qo‘riqlash bo‘limi xodimi F.O. fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, undan 1 500 dollar olgan vaqtida ushlangan.   

Shuningdek, boshqarma tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbir davomida, advokat Sh.A. fuqaroga sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishini o‘zining mansabdor tanishlari orqali bekor qilib berishni aytib, buning evaziga 600 dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Samarqandda pul evaziga esdalik nishoni olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi

Mavzuga oid