O‘zbekiston | 16:02 / 09.02.2024
6109
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy saylov komissiyasining 14 nafar a’zosi vakolatlari tugatildi

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qabul qilingan qarorlar bilan Markaziy saylov komissiyasi tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

2024 yil 9 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining bir qator a’zolari – Marinika Babanazarova, Feruzaxon Ahmedova, Suyarjon Qurbonqulov, Shuhrat Sirojiddinov, Iroda Kenjayeva, Alisher Isoqboyev, Orzigul Qozixonova, Sherzodxon Qudratxo‘ja, Gulnoza Ismoilova, Alisher Usmonqulov, Orifjon Bozorov, Shuhrat Jo‘rayev, Muyassar Qodirova hamda Ergash Yusupovning vakolatlarini tugatish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova hamda MSK Kotibiyati Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori Xalmuxammed Paluaniyazovni Markaziy saylov komissiyasi a’zosi etib saylash to‘g‘risida ham qaror qabul qilingan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar Senatga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun hamda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilishi belgilangan.

Mavzuga oid