O‘zbekiston | 15:27 / 24.11.2023
7223
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda referendum va saylov o‘tkazish tartibi takomillashtirilmoqda

Senatorlar tomonidan ma’qullangan konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Qonunchilik palatasi saylovi aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi: 75 nafar deputat majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.

Foto: Senat.uz

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Muhokama davomida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan vakillik organlariga saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimini joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada referendum va saylov bilan bog‘liq o‘zgarishlar nazarda tutilganligi, shu sababli amaldagi saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni unga muvofiqlashtirish zarurati ham mavjudligi qayd etilgan. 

Ko‘rib chiqilgan konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Unda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar ma’qullangan. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda saylanishi, Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.

“Har qanday jamiyat va davlatning demokratlashuv darajasi ko‘p jihatdan saylov tizimining qanchalik rivojlangani bilan o‘lchanadi.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, belgilab olgan strategik maqsadlarimizni amalga oshirishda siyosiy institutlar roli, aynan, parlament va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish muhim vazifa hisoblanadi.

Aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tilishi, eng avvalo siyosiy partiyalarning yanada faollashuviga, jamiyat hayotida ularning roli oshib borishiga, parlament a’zolarining tegishli partiya oldidagi mas’uliyatining kuchayishiga olib keladi.

Deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafardan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi kerakligiga oid norma ham Konstitutsiyamizda mustahkamlangan. Ya’ni davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashiga amaliy misol bo‘ladi.

Saylov qonunchiligiga kiritilayotgan yangiliklar milliy saylov tizimimizning yanada takomillashuviga, vakillik hokimiyatining yanada kuchayishiga, parlamentimiz rivojiga, siyosiy partiyalarning faollashuviga, qolaversa, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki yanada kengayishiga xizmat qiladi”, deya ta’kidlab o‘tgan Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Mavzuga oid