Jahon | 16:06 / 13.02.2024
22422
14 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy ukrain armiyasidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarni yakunladi

Sirskiy jamoasidagi qo‘mondonlar haqida nimalar ma’lum?

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

8 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqardi va shundan keyin mamlakat harbiy qo‘mondonligini to‘liq almashtirdi. Oleksandr Sirskiy yangi bosh qo‘mondonga aylandi, Ukraina Bosh shtabiga esa Anatoliy Bargilevich rahbarlik qiladigan bo‘ldi. «Ukrainskaya pravda» Ukraina qurolli kuchlarining yangi rahbariyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Quyida ushbu materialning asosiy joylari keltiriladi.

Anatoliy Bargilevich — Ukraina QK Bosh shtabi boshlig‘i

Anatoliy Bargilevich

Bargilevich Jitomir oblasti Omelyanovka qishlog‘idan. U  oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan, keyin Ukraina Milliy mudofaa universitetida o‘qigan. Hozirda 54 yoshda bo‘lgan Bargilevich bungacha Ukraina QK Hududiy mudofaa kuchlari qo‘mondoni edi. 

2014 yilda, Ukraina sharqida urush boshlanganida, u Bosh shtab Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallaydi. Ikki yil o‘tib Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosariga aylanadi, bu lavozimda o‘sha vaqtda hali qo‘shinlarning alohida harbiy turi bo‘lmagan hududiy mudofaani rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. 

2022 yilda Bargilevich frontning sharqiy uchastkasiga mas’ul bo‘lgan «Xortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi shtabi boshlig‘i bo‘ladi. Bu guruh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy edi. Bargilevich bu lavozimda qariyb bir yarim yil ishlaydi, keyin esa Hududiy mudofaa kuchlari qo‘mondoni etib tayinlanadi. 

«Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, Bargilevich hududiy mudofaa kuchlariga qaytishidan oldinroq keng ko‘lamli bosqin boshida muhim rollardan birini bajarganiga qaramay, qo‘shinlarning bu turini Quruqlik qo‘shinlari tarkibiga qo‘shishni istashayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. Bargilevich kelgach esa bu haqida tez-tez gapira boshlashadi. «UP» ma’lumotiga ko‘ra, u qo‘shinlarning ushbu turini «zaiflashtirish» bilan mashg‘ul bo‘lgan. Xususan, Hududiy mudofaa kuchlarining eng muvaffaqiyatli loyihasi — NATO standartlari bo‘yicha ishlab chiqilgan harbiy xizmatchilarni o‘qitish dasturi — Bargilevich kelgach Shevchenko nomidagi Kiyev Milliy universiteti harbiy instituti rahbarligiga o‘tkaziladi. Shuningdek, hududiy mudofaa kuchlari uchun mablag‘ izlab topish bilan shug‘ullangan jamoa tarqatib yuboriladi. Jamg‘armalar va hududiy mudofaa kuchlari ko‘ngillilarining hamkorligi tufayli texnika, qurol va o‘qitish uchun pul topishning imkoni bo‘lgandi, deya qayd etadi «UP». Bundan tashqari, mart oyi oxirigacha so‘nggi vaqtlarda saflari yangi odamlar bilan to‘ldirilmayotgan hududiy mudofaa kuchlarining bir qancha brigadalarini boshqa qo‘shinlar tarkibiga o‘tkazishni yakunlash rejalashtirilgan. 

Bargilevichning o‘zi Hududiy mudofaa kuchlarini rivojlantirishni davom ettirish zarurligi haqida gapirib, bu qo‘shin vazifalarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlaydi.

Oleksandr Pavlyuk — Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni

Oleksandr Pavlyuk Sirskiy bilan

Quruqlik qo‘shinlariga shu vaqtga qadar Oleksandr Sirskiy qo‘mondonlik qilib kelayotgandi. Bu qo‘shin rahbari bo‘ysunuvida 600 mingga yaqin harbiy xizmatchi bor, «Ukrainska pravda» shuning uchun ham bu lavozimni «Sirskiyning atrofidagi kishilardan biri egallashi»ni taxmin qilgandi. Nashrning qayd etishicha, 53 yoshli Pavlyuk aynan shunday kishilardan bo‘lgan. Harbiyni ushbu lavozimga taqdim qilarkan, Sirskiy unda bu lavozim uchun boshqa nomzod bo‘lmaganini aytgan.

Pavlyuk harbiy faoliyatini 1991 yilda, Xarkiv gvardiya oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtini tamomlaganidan keyin boshlagan. 2006-2007 yillarda u Kosovoda ukrain tinchlikparvar kuchlariga rahbarlik qiladi. 2010 yildan 2015 yilga qadar Pavlyuk Lviv oblastidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasini boshqaradi. 2014 yil martidan u Slovyansk, Liman, Kramatorsk, Lisichansk va Donbassdagi boshqa shaharlar uchun janglarda qatnashgan. Keyin Pavlyuk Quruqlik qo‘shinlarining «Zapad» operativ qo‘mondonlik qo‘shini qo‘mondoni, Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i va Birlashgan kuchlar operatsiyalari qo‘mondoni lavozimlarida xizmat qiladi. 

Keng ko‘lamli bosqin boshlanishiga bir oy vaqt qolganida Pavlyuk The Times nashriga intervyusida Rossiya qo‘shini hujumi Donbass bilan cheklanmasligi mumkinligini aytgandi. 2022 yil martida Pavlyukni Birlashgan kuchlar operatsiyalari qo‘mondoni lavozimidan olib, Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati rahbari etib tayinlashadi. U Ukraina poytaxti mudofaasini tashkillashtirish va ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi. «UP»ning oblast harbiy ma’muriyatidagi manbasi uning «ijobiy xislatlari»ni keltirgan. Pavlyuk 2022 yil mayiga qadar ma’muriyatga rahbarlik qiladi. 2023 yil fevralida u Ukraina mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.

Igor Skibyuk — Desant-shturm qo‘shinlari qo‘mondoni

Igor Skibyuk

48 yoshli Skibyuk — Sirskiy jamoasidagi eng kam ko‘zga tashlangan harbiy xizmatchilardan biridir. U Desant-shturm qo‘shinlarining 80-Galitsiya brigadasida xizmat qilgan, bu brigada «2022 yil 24 fevraldan oldingi urushning deyarli barcha nuqtalarini bosib o‘tgan» — 2014 yil aprelida Slovyansk uchun janglardan tortib Avdiyivkadagi Luhansk aeroporti uchun bo‘lgan janglargacha (2017 yil). 

Skibyuk qo‘mondonligida brigada keng ko‘lamli bosqin boshida Rossiya qo‘shinlarini Xerson yo‘nalishida to‘xtatib turishga uringan, ammo kuchlar teng emasdi, deya qayd etadi «UP». Keyinroq brigada Xarkiv oblastini ozod etishda ishtirok etadi. Buning uchun Skibyuk Ukraina Qahramoni unvonini oladi. Frontda Skibyuk bilan yo‘llari kesishgan harbiylar uni hech qachon shaxsiy tarkibga baqirmaydigan, «vazmin, xotirjam» rahbar sifatida ta’riflashgan. 

Yuriy Sodol — Birlashgan kuchlar qo‘mondoni

Yuriy Sodol

Yangi tayinlovga qadar Ukraina Dengiz piyodalari korpusi qo‘mondoni bo‘lgan. Sodol harbiy xizmatni artilleriyachi sifatida boshlagan, keyin desantchi bo‘lgan va shundan keyingina dengiz piyodasiga aylangan. U 12 yil 25-havo-desant brigadasida xizmat qilgan, shundan ikki yilini aksilterror amaliyotlarda (ATO) o‘tkazgan. 2015 yilda Sodol desant--shturm qo‘shinlari qo‘mondonligiga kelgan, 2018 yil martida Dengiz piyodalari korpusi qo‘mondoniga aylangan. 

Jurnalistlar Sodolni «har bir komandirning ohangini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va qulog‘i bilan eshitish» uchun imkon qadar ko‘proq vaqt to‘qnashuv chizig‘ida bo‘lishga intiladigan qo‘mondon sifatida tasvirlaydi. «Ukrainskaya pravda»ning tasdiqlashicha, dengiz piyodalari RFning keng ko‘lamli bosqinidan bir necha yil oldinroq Ukrainaning elita qo‘shiniga aylangandi.

Igor Plaxuta — Hududiy mudofaa kuchlari qo‘mondoni

«UP» Plaxutaning tayinlovini «eng jumboqli va bahslisi» deb atagan. Uning ommaga ma’lum biografiyasi faqat 2005 yildan, Alohida prezident brigadasi komandiri bo‘lganidan boshlanadi, 2009 yilda u Quruqlik qo‘shinlarining 169-«Desna» o‘quv markazi boshlig‘iga aylanadi. 

Jurnalistlar u o‘n yil muqaddam, Kiyevdagi Yevromaydanni tarqatish chog‘ida Igor Plaxuta Ukraina IIV ichki qo‘shinlarini boshqarganiga e’tibor qaratishgan. 2013 yil 10 dekabr kuni kechasi huquq-tartibot organlari Kiyevdagi hukumat kvartalini namoyishchilar o‘rnatgan barrikadalardan tozalaydi. O‘sha vaqtda IIV ichki qo‘shinlari Janubiy hududiy qo‘mondonligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida bo‘lgan Plaxuta OAVga bergan intervyusida ko‘chani tozalash uchun ichki qo‘shinlardan 400 ga yaqin jangchi va «Berkut» maxsus otryadi jalb qilinganini aytgan. U shuningdek «barrikadalarni olib tashlash bilan shug‘ullanayotgan qora kiyimli kishilar kommunal xizmat xodimlari» ekanini aytgan.

Bundan tashqari, u 2014 yil yanvarida IIV nomidan mitingchilar bilan muzokara olib borgan. O‘sha voqealarning ayrim ishtirokchilari «UP» muxbiri bilan suhbatda Plaxuta namoyishchilar bilan muzokara olib borgan kam sonli komandirlardan biri bo‘lganini aytishgan.

Harbiy xizmatchi Maksim Gromov feysbukdagi sahifasida Platuxa bilan «urush vaqtida uchrashgani»ni aytgan va uni «ish odami» deb atagan.

O‘z navbatida hududiy mudofaa qo‘shinlaridagilar yangi qo‘mondon harbiylarni boshqa qo‘mondonlik bo‘ysunuviga o‘tkazib, qo‘shinni «tozalash»ni davom ettiradi, deb hisoblamoqda.

Vadim Suxarevskiy — Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining dronlar bo‘yicha o‘rinbosari

Vadim Suxarevskiy

39 yoshli Suxarevskiyni Ukraina qurolli kuchlarining Donbassdagi ayirmachilarga o‘t ochishga buyruq bergan ilk zobiti deb atashadi. Bu 2014 yil aprelida Slovyansk yaqinida ro‘y bergan, o‘shanda 80-alohida desant-shturmov brigadasi katta leytenanti bo‘lgan Suxarevskiy Ukraina xavfsizlik xizmatining «Alfa» maxsus bo‘linmasiga hujum qilgan Igor Strelkov (Girkin) otryadiga o‘t ochgan. 

2016-2021 yillarda Suxarevskiy 503-dengiz-piyodalar batalyoni komandiri bo‘lgan. 2022 yil fevralidan u Mikolayiv mudofaasida va Xerson oblastidagi qarshi hujumda qatnashgan 59-alohida motopiyodalar brigadasini boshqargan. Suxarevskiy uchuvchisiz uchar apparatlar hozirgi urushda «juda katta» rol o‘ynaydi deb hisoblaydi. Uning buyrug‘i bilan 59-brigadada FPV-dronlarni ishlab chiqarish va ta’mirlash tashkil etilgan.

Andrey Lebedenko — Ukraina QK bosh qo‘mondonining innovatsiyalar, armiyaning texnologik komponentlari va jangovar tizimlar bo‘yicha o‘rinbosari

«Ukrainskaya pravda» Lebedenkoni Sirskiy jamoasidagi «qora toychoq» deb atagan. Internetda polkovnikning harbiy tajribasi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q. 2022 yil sentabrida u «Ukraina davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishda ko‘rsatgan shaxsiy jasorati va fidokorona harakatlari uchun» Daniil Galitskiy ordeni kavaleri sifatida taqdirlangan. 

Volodimir Gorbatyuk, Oleksiy Shevchenko va Mixaylo Drapatiy — Ukraina QK Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosarlari

Mixaylo Drapatiy urushda 2014 yildan boshlab ishtirok etib keladi.

Mixaylo Drapatiy

O‘sha vaqtda u 72-alohida mexanizatsiyalashgan brigadaning 2-mexanizatsiyalashgan batalyoni komandiri bo‘lgan. U Mariupol militsiya bo‘linmasida ayirmachilar tomonidan garovda ushlab turilganlarni ozod etish amaliyotiga boshchilik qilgan. Ukrain nashrlari yozishicha, mashhur videodagi barrikadani yorib o‘tgan BMP rulida shaxsan Drapatiyning o‘zi bo‘lgan.

U shuningdek Izvarinskiy qurshovidan («Janubiy kotyol» sifatida ham ma’lum) qo‘shinlarni olib chiqish amaliyotiga rahbarlik qilgan, o‘shanda 260 nafarga yaqin ukrain harbiysi va o‘ttizdan ortiq texnika qurshovda qolib ketgandi. 

2024 yil yanvariga qadar Drapatiy «Xerson» operativ guruhi qo‘mondoni edi. Qo‘li ostidagilar Drapatiyni hamisha shaxsiy tarkibni saqlab qolishga qayg‘uradigan va yo‘qotishlarni kamaytirish uchun barcha ishni qiladigan tajribali zobit sifatida ta’riflaydi. Bosh shtabda u harbiylarni tayyorlash va shug‘ullantirish jarayoniga mas’ul bo‘ladi.

Volodimir Gorbatyuk 2014 yilda Kosovoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha vazifalarni bajargan ukrain bo‘linmasiga rahbarlik qilgan.

Brigada generali Volodimir Gorbatyuk. Foto: Ukraina QK Bosh shtabi

Keyingi yil u «Zapad» operativ qo‘mondonligi qo‘mondonining birinchi o‘rinbosariga aylanadi. «UP» nashri yozishicha, bir yil muqaddam uning familiyasi Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbarligi uchun nomzodlar qatorida keltirilgan. Gorbatyukning Bosh shtabdagi yo‘nalishi operativ ish, shtablar faoliyati, rejalashtirish va boshqarish bo‘ladi.

Oleksiy Shevchenko haqida ham ko‘p narsa ma’lum emas.

Oleksiy Shevchenko

U artilleriyachi sifatida xizmat qilgan, Lvivdagi Quruqlik qo‘shinlari akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2022 yil aprelida Odessadagi harbiy akademiyani boshqargan — o‘shanda uni bu lavozimga Oleksandr Sirskiy taqdim etgandi. O‘sha yil avgustida Shevchenko brigada generali unvonini olgan. Bosh shtabda u logistika uchun mas’ul bo‘ladi. 

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid