O‘zbekiston | 15:09 / 16.02.2024
13364
3 daqiqa o‘qiladi

“Qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilgan emas” – O‘zbekiston Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘ra, iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq qonun loyihasida ko‘zda tutilgan tartiblar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud. Uning maqsadi milliy moliya tashkilotlarining o‘zlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq.  

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumati Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilishga qaror qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi qonun loyihasining mazmun-mohiyati yuzasidan rasmiy axborot berdi.  

Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024 yil 13 fevraldagi majlisida “Iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan. Mazkur qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023 yil 29 dekabrda kiritilgan.  

“Bugungi kunda turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari tomonidan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda hozirgi zamon voqeligiga aylandi.

Biroq O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida ikkilamchi iqtisodiy sanksiyalarning qo‘llanishi bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslari mavjud emas.

Bunday sharoitda ushbu xatarlarni har bir kredit va to‘lov tashkiloti o‘zining ehtiyoj va qarashlaridan kelib chiqib belgilamoqda, o‘zi ma’qul ko‘rgan daraja va ko‘lamlarda mijozlarga cheklovlar qo‘ymoqda. Bunday holatlar bank hisobvaraqlari ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlariga nisbatan sub’yektiv yondashuvlarga hamda mijozlarning qonuniy huquqlarining buzilishiga olib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlarining iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishiga oid yagona talablarni belgilash vakolatini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga berish nazarda tutilmoqda.

Bu bank sohasida davlat siyosati samaradorligini oshirishga, kredit va to‘lov tashkilotlarining mijozlar bilan ishlashda yaxlit, yagona yondashuv mexanizmini yaratishga, shuningdek, aholi va xalqaro moliya institutlarining mamlakatimiz bank tizimi faoliyatiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi”, deyiladi axborotda.  

Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilgan emas. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida loyihada ko‘zda tutilgan tartib mavjud bo‘lib, uning maqsadi milliy moliya tashkilotlarining o‘zlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Mavzuga oid