Jahon | 13:39 / 19.02.2024
6965
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Moskvadagi elchisi Navalniy xotirasiga hurmat bajo keltirdi

Lin Treysi «Aleksey Navalniy va Rossiyadagi boshqa siyosiy qatag‘on qurbonlari» xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Foto: X / USEmbRu

AQShning Rossiyadagi elchisi Lin Treysi 18 fevral, yakshanba kuni muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy uchun qayg‘u belgisi sifatida Moskvadagi Solovetskiy toshiga gulchambar qo‘ydi.

«Bugun Solovetskiy toshi yonida biz Aleksey Navalniy va Rossiyadagi boshqa siyosiy repressiya qurbonlarining vafoti munosabati bilan qayg‘udamiz. Biz Aleksey Navalniyning oilasi, hamkasblari va tarafdorlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Uning kuchi ilhomlantiruvchi namunadir. Biz uning xotirasiga hurmat bajo keltiramiz», - deyiladi X ijtimoiy tarmog‘ida AQShning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi chop etgan postda.

Bir kun avval, 17 fevral kuni Britaniyaning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Nayjyel Keysi ham Rossiya koloniyasida halok bo‘lgan Aleksey Navalniy xotirasiga Moskvadagi Solovetskiy toshiga gul qo‘ygandi. 

Rossiyada va dunyoda Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar 

Aleksey Navalniyning Yamalo-Nenets avtonom okrugining Xarp qishlog‘idagi IK-3 «Polyarnyy volk» koloniyasida vafot etgani haqidagi xabar Federal jazoni ijro etish xizmati tomonidan 16 fevral kuni tarqatilgan va keyinchalik muxolifatchining qarindoshlari va safdoshlari tomonidan tasdiqlangan. Bu Navalniy xotirasiga bag‘ishlab paydo bo‘lgan harakatlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Nafaqat Rossiya bo‘ylab, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham yuzlab odamlar ekspromt yodgorliklarga gullar olib keldi. 

Rossiyada ushbu aksiyalarning yuzlab ishtirokchilari «politsiya xodimlariga bo‘ysunmaslik», «jamoat tartibini buzgan holda ommaviy tadbir uyushtirish» va boshqa «huquqbuzarliklar» uchun qo‘lga olindi. 18 fevral kuni soat 14:00 ga qadar «OVD-Info» inson huquqlari portali Rossiya Federatsiyasining 34 shahrida 284 dan ortiq kishi ushlanganini ma’lum qildi. Birgina Sankt-Peterburgda, huquq himoyachilariga ko‘ra, kamida 132 kishi, Moskvada esa kamida 50 kishi qo‘lga olingan. 

Xorijda Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan mitinglarning ko‘plab ishtirokchilari «Diktaturasiz Rossiya» kabi yozuvlar tushirilgan plakatlarni ushlab turgan. 

Aleksey Navalniy matbuot kotibi Kira Yarmishning 17 fevral kuni kechqurun ma’lum qilishicha, uning oilasi va tarafdorlari qarindoshlari jasadni o‘likxonadan qachon olib ketish kerakligi haqida hozircha ma’lumotga ega emas. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid