Jamiyat | 17:00 / 19.02.2024
46746
7 daqiqa o‘qiladi

«Bolalarimni o‘qitish uchun mardikorlik qilganman» - ota

Bog‘dod tumani Bog‘ishamol qishlog‘ida oddiy oilaning ikki farzandi Farg‘ona shahridagi prezident maktabiga o‘qishga kirgan. To‘ng‘ich o‘g‘li ta’lim dargohini tamomlab, Turkiya texnika universiteti talabasiga aylandi. Jonkuyar ota-ona farzandlari kamoli uchun tinmay mehnat qilishadi. Ota o‘zgalarning uyida ishlab topgan pulini o‘g‘illarining bilim olishiga sarflaydi.

Zahmatkash ota-ona Kun.uz muxbiriga farzandlari zamonaviy maktabga kirish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rganliklari haqida so‘zlab berdi.

Go‘shti uchun quyon boqaman

«Ikki o‘g‘il, bir qiz otasiman. Prezident maktabi Farg‘onada ham ochilgach ikki o‘g‘limni imtihonga olib bordim, birinchi bosqichdan o‘tishdi. Katta o‘g‘lim pastroq o‘rinda edi, ikkinchi bosqichgacha yana tayyorlandi. Topshirib kelishdi, natijalar chiqishini intiq bo‘lib kuta boshladik. Kechqurun soat 1:00 lar atrofida ikkalasi ham o‘tganini bilib rosa xursand bo‘ldik.

Kamoliddin Mirzaaliyev

Internet, telefondan ham to‘g‘ri maqsadda foydalanish mumkin ekan. O‘g‘illarimga telefondan har xil testlarni topib berib, yechtirardim. Katta o‘g‘lim maktabni bitirdi, endi esa grant asosida Turkiyada o‘qiyapti. Yaratgan yo‘lini ochdi, omadini bersin.

Mol-holimiz, quyonlarimiz bor. Quyon boqishdan maqsad go‘sht pulini bolalarning o‘qishi uchun sarflab, o‘rniga ishlatish, quyon go‘shtini foydali ham deyishadi.

O‘g‘lim Turkiyaga o‘qishga kirganida yelkamdagi yuk ag‘anadi

Qishloq joy bo‘lgani uchun sharoit bo‘lmay qolardi ba’zida. Chiroq o‘chsa, sham yorug‘ida dars qilishdi. Harakat qilgani uchun o‘qishyapti, mana. Bolalarimni o‘qitish uchun kerak bo‘lsa mardikorlik qilib, birovning ishini qilganmiz. Nima bo‘lsa, shu bolalarim qiynalmasin, o‘qishida kamchilik bo‘lmasin deb harakatdamiz. Ertaga xalqqa, yurtga foydasi tegadigan o‘qimishli insonlar bo‘lib yetishsa, maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. O‘g‘lim Turkiyaga o‘qishga kirganida ham rosa xursandchilik bo‘ldi.

Bahromjon Shamsiddinov

Nasib etsa, endi kichik qizimni ham prezident maktabida o‘qitmoqchiman. U hozircha 2-sinfda o‘qiydi.

Bizda go‘sht qimmat, shu sababli quyonlarni ko‘paytiraman. Hech bo‘lmaganda bolalarning yo‘lkirasiga pul orttirsa bo‘ladi. Ham qiziqish bu, tez ko‘payadi. Bundan tashqari, mollarimiz bor, bular ham shu bolalarning o‘qishi, boshqa xarajatlarni qoplaydi. Qo‘limizdan kelganini qilyapmiz», deydi Kamoliddin Mirzaaliyev.

Kamoliddin Mirzaaliyev kichik o‘g‘li Akramjon Shamsiddinov bilan

Aka-ukaning onasi Qanoat Mirzaaliyeva Bog‘dod tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilik qiladi.

Qanoat Mirzaaliyeva

O‘g‘limga qo‘shilib yig‘ladim

«Turmushda qiyinchiliklar bo‘ldi. Uyimizni o‘zimiz qurganmiz, oilaviy. Deyarli usta ishlatmadik. Ovsinim bilan birga 22 mingta g‘isht quyganmiz uy qurish uchun. 9 yil qaynonam bilan yashab, shundan so‘ng yangi imorat solib ko‘chib chiqdik.

O‘g‘illarimning prezident maktabiga imtihon topshirishi haqida birinchi marta o‘qituvchisidan eshitdim. Ichimdan bir orziqib qo‘yganman. Biri o‘tib, biri o‘tolmay qolsa nima bo‘ladi deb o‘ylaganman ham. Ikkisi ham o‘tganini eshitib xursand bo‘ldik.

Qiyinchiliklar bo‘ldi, kiyim-kechak, ba’zida oziq-ovqatga pul yetmay qolardi. Maktabdan bo‘sh vaqtimda qo‘shnilar bilan kunlik ishga ham chiqardim: paxta chopiqmi, sholi ekishmi, qilaverardik.

To‘ng‘ich o‘g‘lim Bahromjon 9-sinf paytida o‘rtoqlari bayram qilayotgan ekan, mendan pul so‘radi. Xo‘p, beraman, dedim, lekin o‘g‘lim qachongacha sizlardan pul so‘rab yuraman, qachon o‘zim pul topadigan bo‘laman, deb yig‘lab yubordi. Shunda men ham unga qo‘shilib yig‘ladim. Farzandlarim qiyinchilikni his qilishardi».

Farzandlarim mehnatlarining mevasini ko‘rishyapti

Prezident maktabiga kirish uchun bolalarim ko‘proq o‘zlari mustaqil tayyorgarlik ko‘rishdi.

Turmush o‘rtog‘im 9-10 yil tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlagan. Ish o‘rinlarini qisqatirishgach, ishsiz qoldi. Shundan so‘ng mardikorlikka chiqishga majbur bo‘ldi.

Katta o‘g‘lim Bahromjon Turkiyaga o‘qishga kirishdan oldin «El-yurt umidi» jamg‘armasiga topshirgan edi, birinchi va ikkinchi bosqichidan o‘tdi, shu orada Turkiyaga 100 foizlik grant yutgani ham ma’lum bo‘ldi. Lekin o‘g‘lim «El-yurt umidi» jamg‘armasining natijasini ham kutdi, Amerikaga ketmoqchi edi, lekin yana sekin-sekin bu niyatidan qaytib, Turkiyaga ketsammi, dedi. Jamg‘arma imtihonidan o‘tolmagach, Turkiyaga ketishi aniq bo‘ldi.

Bolalarim yoshligida ko‘chada ko‘p o‘ynamasdi, kam vaqt ajratardik. Otasi qattiq nazorat qilardi, vaqtini bekorchi sarflamasin, derdi. Shuning uchun otasi ishda payti o‘ynashga chiqarib turardim. Lekin shu mehnatlarining mevasini ko‘ryapti. Kichkina o‘g‘lim akasidan ham o‘tmoqchi. Katta o‘g‘lim hali yana boshqa davlatda magistraturada o‘qimoqchi, nemis tilini ham o‘rganyapti hozir.

Turmush o‘rtog‘im ishdan bo‘shagach, tirikchilikning har xil yo‘llarni o‘yladik. Go‘shtga ketadigan pulni tejash uchun quyon boqa boshladik. Bolalar ulg‘ayyapti, endi qo‘shimcha uy-joy kerak, keyingi hayotini boshlab olishlari kerak. Shu maqsadda qoramol ham boqyapmiz», deydi Qanoat Mirzaaliyeva.

Ota-onamiz ishonchini oqlayapmiz

«Ota-onam qishloqning oddiy odamlari. Ular imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishimizni astoydil xohlashgan edi. Ming shukurki, ularning ishonchini oqladik. Ayni payti Istanbul texnika universiteti talabasiman”, deya ta’kidlaydi Bahromjon Shamsiddinov.

Katta o‘g‘ilning aytishicha, prezident maktabiga tayyorgarlik ko‘rish o‘ziga xos jarayon bo‘lgan. Aka-uka asosan internetdan kerakli ma’lumotlarni o‘qib mustaqil ravishda tayyorgarlik ko‘rgan.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz

Mavzuga oid