Jahon | 14:59 / 19.02.2024
5061
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil hukumati «falastinliklar bilan tinchlik bo‘yicha buyruqlar»ni rad etadi

Isroil hukumati bayonotida ta’kidlanishicha, Isroil Falastin davlatini bir tomonlama tan olishni rad etadi va Yaqin Sharq mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha tashqaridan buyruqlarni qabul qilmaydi. 

Foto: Ronen Zvulun/AP/picture alliance

Isroil hukumati xalqaro hamjamiyatning Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish va Falastin davlatini bir tomonlama tan olish talabini rad etadi. 18 fevral, yakshanba kuni Quddusda vazirlar mahkamasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan deklaratsiyaga ko‘ra, tinchlikka hech qanday shartlarsiz ikki tomon o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan erishish mumkin. 

«Isroil Falastin davlatini bir tomonlama tan olishni rad etishda davom etadi», deyiladi hujjatda, «7 oktyabrdagi qonli qirg‘indan so‘ng, bunday e’tirof misli ko‘rilmagan terror uchun katta to‘lov bo‘ladi va kelajakda tinchlik o‘rnatilishiga xalaqit beradi». 

Ovoz berishdan oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ommaviy axborot vositalariga tayanib, AQSh va boshqa ittifoqchilar Falastin davlatini Isroilning roziligisiz tan olishi mumkinligini, shuningdek, Isroilni uni bir tomonlama tan olishga majburlashga urinishini aytdi. 

Isroil 1967 yilda G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni egallab olgan. Falastinliklar bu hududlarda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat tuzishni talab qilmoqda. 2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinga kuzatuvchi davlat maqomini berdi. BMTga a’zo 193 davlatdan 139 tasi Falastin hududlarini mustaqil davlat sifatida tan olgan. Ular orasida Germaniya va AQSh yo‘q, ular doimo Isroil bilan tinchlik muzokaralarining bir qismi sifatida Falastin davlatini yaratish kelishib olinishi kerakligini ta’kidlab kelgan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid