O‘zbekiston | 18:50 / 20.02.2024
9554
4 daqiqa o‘qiladi

Talangan maktablar. Noqonuniy olib qo‘yilgan yerlarning 148 tasi qaytarildi

Maktablarga tegishli yer uchastkalarining hokimlar tomonidan noqonuniy berib yuborilgani yoki o‘zboshimchalik bilan egallanganiga oid 280 ta sud jarayonidan hozircha 148 tasida Maktab vazirligi yutib chiqqan. Vazirlik vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, maktab hududida 5 qavatli savdo markazi qurilgan holatlar ham bor.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda maktablarga tegishli bo‘lib, o‘tgan yillarda hokimlarning qarorlari asosida sotilib ketgan yoki noqonuniy egallab olingan yerlarni maktablarga qaytarish bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yuridik boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Asrorov bu masalada Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, hozirga qadar 280 ta holatda respublikadagi maktab yerlarining noqonuniy olib qo‘yilganiga oid ishlar bo‘yicha sudga arizalar kiritilgan. Shundan 148 ta holatda maktab yerlari ta’lim muassasalari balansiga qaytarilgan, 120 tasi hanuz sud jarayonida, qolgan 12 ta da’vo esa sudlar tomonidan rad etilgan.

Eng ko‘p ishlarimiz Andijon, Buxoro, Farg‘ona viloyatlarida. Masala juda ham katta. [Maktablarga tegishli hududlar] olib qo‘yilgandan so‘ng, u yerlarda 5 qavatli savdo markazlari kabi obektlar qurib bo‘lingan.

Boshqa tomondan, sud jarayonlarida qatnashib, shuni bilyapman. Aytaylik, bir tadbirkor kelyapti-da, aytyapti: hokim chaqirib, “nima kerak senga?” desa, “menda o‘zi bir sexim bor, agar yana bitta kerak bo‘lsa, yana ishlarni ko‘paytiraman”, degan. “Mana senga yer”, deb maktab hududini berib yuborgan. U tadbirkorni ko‘rsangiz, oddiy odam, o‘zining biznesidan foyda ko‘rgan puliga bino quryapti-da, yana 100 nafar odamni olib kelib, ish bilan ta’minlayapti.

[Noqonuniy yerlarni qaytarishga oid] topshiriq berilganidan keyin biz sudga murojaat qilyapmiz, hokimning qarorini bekor qilyapmiz. Hokim sudda yutqazganidan keyin tadbirkorga: “Bo‘ldi, hammasini o‘z hisobingdan buzib, shu yerdan chiqib ketasan”, degan talab qo‘yilyapti. Shunga kassatsiya instansiyagacha qatnashdik. Jarayon juda murakkab. Lekin biz sudga berib, hokimning qarorini bekor qildirib, yerni maktabga qaytarib beryapmiz”, – dedi Asrorov Kun.uz muxbiriga.

Kun.uz maktablardan tortib olingan yerlarni ta’lim muassasalariga qaytarishga oid topshiriq ijrosiga o‘tgan yili ham qiziqib ko‘rgandi. Vazirlik 2023 yil may oyida bergan ma’lumotga ko‘ra, 2018-2021 yillar davomida 467 ta holatda 100 gektarga yaqin yer noqonuniy olib qo‘yilgan, 246 tasida yerlarni qaytarish bo‘yicha fuqarolik va ma’muriy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Oradan salkam bir yil o‘tyaptiki, hozirga kelib 467 ta holatning 148 tasi ustidan uzil-kesil qaror qabul qilingan, yerlar ta’lim muassasalariga qaytarilgan, qolgan 300 dan ortiq holatda esa joylarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Maktab vazirligi 2024 yilga kelib olib qo‘yilgan yerlar hajmi qancha ekani, holatlar jami nechta maktab bilan bog‘liqligi hamda sud qarori bilan qancha obekt, qancha gektar hudud qaytarilganiga oid Kun.uz savollariga hozircha javob bergani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda noyabr oyida Prezident administratsiyasining o‘sha vaqtdagi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan selektorda maktablarning sotilib ketgan mulklari haqida gap ketgan edi. Administratsiya rahbari o‘shanda prokuraturaga yerlarni qaytarish bo‘yicha sudga arizalar kiritish vazifasini topshirgandi.

Ma’lumot uchun, 2018 yil sentabrdagi prezident qaroriga asosan, umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini xalq ta’limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlangan.

2023 yil may oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi nutqida kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish va ta’lim sifatini tubdan oshirish zarurligini aytgandi.

Mavzuga oid