Jamiyat | 17:30 / 20.02.2024
11270
4 daqiqa o‘qiladi

To‘rt hududda noqonuniy yer savdolariga chek qo‘yildi

Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yer maydonlari savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Buvayda tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda M.Sh. ismli shaxs «Qoraqum» MFYda yashovchi uch nafar fuqaroga onlayn auksion savdolari orqali 10 yil muddatga ijara shartnomasi asosida foydalanish uchun ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini fuqaro Z.A.ga firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning xabardorligisiz 45 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.J. ismli shaxs fuqaro U.Ch.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 150 million so‘m evaziga «Baxshitepa-1» MFY hududidan 50 sotix zaxiradagi ekin yer maydonini olib berishini aytib, shundan 2 ming dollar va 59 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departament hamda DXXning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «K.K.» MChJ rahbari A.A. (muqaddam sudlangan) fuqaro F.T.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida boshqa fuqaroga tegishli 8 sotix yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan turar joy va unga tutash bo‘lgan 8 sotix zaxiradagi yer maydoni uning nomiga hujjatlarni rasmiylashtirib olib berishni va’da qilgani aniqlangan. U o‘z xizmati evaziga 1,6 ming dollar olgan vaqtida ushlanib, A.A.ning ish xonasidan yana 19 nafar fuqaroga tegishli uy-joy uchun rasmiylashtirilgan soxta kadastr hujjatlari, tuman hokimligining soxta «Qarorlar uchun» muhri va «Asliga to‘g‘ri» shtampi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa muqaddam firibgarlik jinoyat uchun sudlangan K.U. va M.B. fuqaro Y.A.ga tumandagi «J.I.» fermer xo‘jaligining 30 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishlari evaziga 7 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlanib, K.U. va M.B. tomonidan 7 ming dollarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid