Jahon | 09:39 / 29.02.2024
6180
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Oliy sudi Trampning daxlsizligi masalasini ko‘rib chiqadi

AQSh Oliy sudida Donald Trampning sud ta’qibidan daxlsizligini tiklash bo‘yicha eshituvlar 22 aprel kuni boshlanadi. 2021 yil yanvarida Kapitoliyga hujum uyushtirilgani bo‘yicha sobiq prezident ustidan sud jarayoni to‘xtatildi.

Foto: Scott Olson/Getty Images

28 fevral, chorshanba kuni AQSh Oliy sudi mamlakat sobiq prezidenti sifatida Donald Trampning jinoiy javobgarlikka tortilishdan daxlsizlik so‘rashi haqidagi da’vosini ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldi. Trampning shikoyati bo‘yicha og‘zaki eshituv 22 aprelga belgilangan. Yagona savol: «Sobiq prezident lavozimida bo‘lgan vaqtida rasmiy xatti-harakatlari bilan bog‘liq ishlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydimi va agar shunday bo‘lsa, qay darajada».

Shu tariqa, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga hujum munosabati bilan Trampga qarshi asosiy sud jarayoni to‘xtatildi.

6 fevral kuni Kolumbiya okrugi federal apellyatsiya sudi Tramp Kapitoliyga hujum va prezidentlik saylovi natijalariga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga urinish bo‘yicha jinoiy ishda javobgarlikka tortilishdan immunitetga ega emasligi haqida qaror chiqardi. «Ushbu jinoiy ish kontekstida sobiq prezident Tramp boshqa jinoiy ayblanuvchilar bilan bir xil himoya huquqiga ega bo‘lgan fuqaro Trampga aylandi. Biroq, prezident lavozimida ishlagan vaqtida uni himoya qilgan har qanday immunitet endi uni bu ta’qibdan himoya qilmaydi», deyiladi sud xulosasida.

Bir necha kundan so‘ng Tramp mamlakat Oliy sudidan daxlsizligini tiklashni va ushbu sud qarorini to‘xtatib turishni so‘radi. Yangi prezidentlik muddatiga da’vogarlik qilayotgan Oq uy sobiq rahbarining advokatlari o‘z so‘rovida, xususan, bir oylik jinoiy sud jarayonini o‘tkazish «prezident Tramp va o‘n millionlab odamlarning manfaatlariga darhol tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazish bilan tahdid qilishini» ta’kidladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid