Jahon | 18:42 / 01.03.2024
10451
3 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniy Moskvada dafn etildi 

Uning ma’rakasi qisqa bo‘ldi, dafn marosimiga faqat yaqinlari va qarindoshlari kiritildi.  

Foto: AP

1 mart kuni Moskvadagi «Borisovskiy» qabristonida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Dafn marosimidan oldin shaharning Maryino rayonidagi cherkovda uning ma’rakasi o‘tkazildi. Ma’raka qisqa bo‘ldi, atigi 20 daqiqa davom etdi. Navalniy bilan faqat yaqinlari va qarindoshlari xayrlashish imkoniga ega bo‘lishdi. U bilan xayrlashish uchun kelgan minglab odamlar cherkovga kiritilmadi. Shundan so‘ng, uning tobuti qabristonga olib ketildi. Yig‘ilgan odamlar uning tobutiga gullarni otishdi. 

Qabristondagi dafn marosimiga ham faqat uning yaqinlari va qarindoshlari kiritildi. Politsiya minglab odamlarga dafn marosimida ishtirok etishga imkon bermadi. 

Uning tobuti ko‘milayotganda amerikalik xonanda Frenk Sinatraning «My Way» qo‘shig‘i, shuningdek, «Terminator-2» filmining yakunidagi musiqa yangradi. Ta’kidlanishicha, bu marhumning sevimli filmi bo‘lgan. 

16 fevral kuni Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugi Federal jazoni ijro etish xizmati (FJIEX) Navalniyning koloniyada o‘lganini ma’lum qildi. Departamentga ko‘ra, «Navalniy sayr paytida o‘zini yomon his qilgan, deyarli darhol hushini yo‘qotgan». 

FJIEX xizmati xabarida aytilishicha, «qamoqxona tibbiyot xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan va tez yordam brigadasi chaqirilgan». «Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bermagan. Shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqlashgan». Biroq, uning jasadi faqat 24 fevral kuni yaqinlariga topshirildi. 

Navalniy sud qaroriga ko‘ra, ekstremistik guruh yaratish jinoiy ishi bo‘yicha 19 yillik qamoq jazosini Yamalo-Nenets avtonom okrugining Xarp qishlog‘idagi IK-3 qamoqxonasida o‘tayotgan edi. Bungacha u bir qator boshqa jinoyatlar, jumladan, firibgarlik uchun ham sudlangan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid