Jahon | 10:44 / 08.03.2024
2871
2 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen Yevroparlamentga saylovlarda YeXPdan nomzod bo‘ladi

Buxarestda bo‘lib o‘tgan partiya qurultoyida Ursula fon der Lyayyen Yevropa xalq partiyasidan Yevroparlamentga saylovlar uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rsatilgan. U avvalroq Yevropa komissiyasini ikkinchi muddatga boshqarishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. 

Foto: AP

Yevropa xalq partiyasi (YeXP) Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyenni iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevroparlament saylovlari uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rsatdi. 7 mart, payshanba kuni yashirin ovoz berishda YeXPning Buxarestdagi qurultoyida 499 delegatdan 400 nafari uning nomzodi uchun ovoz berdi. Unga qarshi 89 ta ovoz berilgan, 10 tasi esa haqiqiy emas deb topilgan

Ilgari fon der Lyayyen Yevropa komissiyasi rahbari sifatida ikkinchi muddatga saylanishga tayyor ekanligini aytib, bu qarorni «ongli va puxta o‘ylangan» degan edi. 

Yevroparlamentga saylovlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari ovoz berish natijalarini hisobga olgan holda Yevroittifoqdagi eng yuqori lavozimlarni belgilashi kerak bo‘ladi. Keyin bu tayinlovlar Yevropa parlamenti tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Ursula fon der Lyayyen Yevrokomissiya rahbari lavozimini egallashdan oldin Germaniyada bir nechta vazirliklarni boshqargan: oila ishlari (2005-2009), sog‘liqni saqlash (2009-2013) va mudofaa (2013-2019). 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid