Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada saylov yakunlari. Asosiy ma’lumotlar
Rossiyada prezidentlik saylovlari yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra,amaldagi prezident Vladimir Putin 87 foizdan ortiq ovoz bilan g‘alaba qozongan. Masofadan berilgan ovozlar qo‘shib hisoblanganda, federal davomat 74 foizdan oshgan - Kreml ham aynan shunday natijaga erishishga harakat qilgandi. Saylov jarayonida kuzatuvchilar va OAV qoidabuzarliklar - budjet xodimlari ovoz berishga kelishga majburlanishi va yashirin ovoz berishga xalaqit berishga urinishlar haqida xabar berdi.
Putin 87,3 foiz bilan ustun keldi. Uning raqobatchilari jami bo‘lib — 13 foizdan kamroq ovoz to‘plagan
Davlat sotsiologik xizmatlari dastlabki ekzit-pollarni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da e’lon qilishdi — bu vaqtga kelib Rossiya hududidagi barcha uchastkalar yopilgandi. Barcha ekzit-pollar beshinchi muddat uchun nomzodini qo‘ygan Vladimir Putinning ishonchli g‘alabasidan darak berayotgandi.
Markaziy saylov komissiyasi 18 mart kuni kunning birinchi yarmida protokollarning 99 foizi hisoblab chiqilganidan keyin prezident Vladimir Putin 87,31 foiz ovoz to‘plagani, saylovda davomat 77,44 foizni tashkil etganini xabar qildi.
2018 yilda o‘tkazilgan oldingi saylovlarda Vladimir Putin 76,69 foizlik natija bilan g‘alaba qozongandi.
Uning raqiblari esa jami 13 foizdan kamroq ovoz olgan.
Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi (KPRF) nomzodi, 75 yoshli deputat Nikolay Xaritonovga ikkinchi o‘rinni oldi (4,30 foiz), uchinchi o‘rinni — Duma vitse-spikeri, «Yangi odamlar» partiyasi nomzodi Vyacheslav Davankov (3,83 foiz), to‘rtinchi o‘rinni — ossiya liberal-demokratlar partiyasi (LDPR) raisi Leonid Slutskiyn (3,21 foiz) egalladi.
Vladimir Putin eng ko‘p ovozni Chechenistonda olgan — 98,99 foiz. Bu hududda davomat 97,06 foizni tashkil etgan.
Kemerovo oblastida amaldagi davlat rahbari 95,73 foiz, Tuvada — 95,37 foiz, Yahudiylar avtonom oblastida — 92,35 foiz, Saratov oblastida — 91,66 foiz, Belgorod oblastida — 90,66 foiz, Adigeyda — 90,18 foiz, Karachayevo-Cherkesiyada — 90,07 foiz ovoz olgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvada saylovchilarning 85,13 foizi, Moskva oblastida — 86,19 foizi Putinga ovoz berishgan.
Anneksiya qilingan Sevastopolda uning ko‘rsatkichi 92,6 foizni tashkil etgan.
Eng yuqori davomat Chechenistondan tashqari (90 foizda ortiq) Kemerovo oblasti, Tiva, Qabordin-Bolqoriya va Shimoliy Osetiyada kuzatilgan. Uzoq Sharqda ham saylovchilar uchastkalarga kelishi yuqori darajada bo‘lgan.
MSKning saylov yakunlari bo‘yicha yig‘ilishi payshanba kuni o‘tkaziladi.
Natijalar, OAVda saylovlar arafasida yozilganidek, Kreml intilgan ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lgan. Davomat Rossiyadagi prezidentlik saylovlari tarixidagi eng yuqorisi bo‘ldi.
2018 yilda saylovchilarning 67,54 foizi uchastkalarga kelgandi — bu safargi saylovlar esa yakshanba kuni uchastkalar yopilishiga hali bir necha soat borligida yangilandi. Lekin Shu bilan birga, olti yil muqaddam ovoz berish jarayoni faqat bir kun davom etgandi.
Agar MSKga ishonilsa, hatto Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan va so‘nggi uch kun davomida tinimsiz o‘qqa tutilgan hududlarda ham odamlar faollik bilan ovoz berishgan. Masalan, rasmiylarga ko‘ra, Belgorod oblastida davomat yakshanba kuni tushdayoq 83 foizni tashkil etgandi.
Ukrainaning Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarida ham ovoz berish jarayoni tashkil etildi — G‘arb mamlakatlari buni bir necha bor Ukraina suvereniteti buzilishi sifatida baholagan. Zaporijjya, Xerson, Donetsk va Luhansk oblastlarining Rossiya armiyasi tomonidan egallab olingan hududlari aholisi o‘z uylarida ovoz berishga majbur qilindi, qurollangan harbiylar hamrohligidagi komissiya a’zolari uyma-uy yurib ovoz yig‘ishdi.
Rossiya hukumati anneksiya qilingan hududlarning barchasida Putinning natijalari butun mamlakatning o‘rtacha darajasidan yuqoriroq ekanini ma’lum qilgan: Zaporijjya, Donetsk va Luhansk oblastlarida — 90 foizdan ortiq, Xerson oblastida — 88 foizdan ortiq.
Moskva vaqti bilan tun yarmidan og‘ganda Putin o‘z saylovoldi shtabiga keldi va bir soatlik matbuot anjumanida ishtirok etdi. U nafaqat saylovdagi g‘alabasi, balki boshqa mavzularda ham gapirdi. Putin Ukrainadagi urush, tizimsiz muxolifat haqida gapirdi va hatto ilk bor siyosatchi Aleksey Navalniyning nomini tilga olib, go‘yoki uni o‘limidan oldin G‘arb bilan almashish g‘oyasiga rozilik berganini bildirdi.
Davlat rahbari «Putinga qarshi choshgoh» aksiyasi bo‘yicha ham munosabat bildirdi. U muxolifatni rossiyaliklarni uchastkalarga chaqirgani uchun maqtagan (garchi unga qarshi ovoz berishga bo‘lsa ham), ammo unga qarshi chiqishlar «hech qanday effektga ega bo‘lmagani»ni qo‘shimcha qilgan. Putin o‘zining sparring-hamkorlariga ham to‘xtalgan — tizimli muxolifat vakillari bo‘lgan bu nomzodlar jami bo‘lib 13 foizdan kamroq ovoz to‘plashdi.
«Menimcha, bugungi sharoitda ularning elektoratining kattagina qismi, biz hozirda barchamiz turgan murakkab vaziyat tufayli, baribir amaldagi davlat rahbariga ovoz berishni afzal ko‘rmoqda», — degan prezident.
Saylovlar haqida gapirarkan, Putin masofaviy elektron ovoz berishni «shaffofligi» va «obektivligi» uchun maqtagan (elektron ovoz berishda qatnashganlarning aksari, jumladan saylovlarda ishda o‘tirgan holatida ovoz berishga majbur qilingan budjet xodimlari Putinga ovoz berishgan). Shuningdek, u byulletenlarini yaroqsiz holatga keltirgan saylovchilarni tanqid qilib, ular «o‘z fuqarolik burchini ado etishga kelgan» boshqa saylovchilarga «zarar yetkazgani» haqida aytgan. Putin Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarida o‘ziga ovoz berganlarni ham alohida tilga olib o‘tgan. U buni Rossiya «barchasini to‘g‘ri qilayotgani» belgisi sifatida ko‘rsatgan.
Xorijlik jurnalistlar Putindan agar alyans Ukrainadagi urushga to‘laqonli ravishda qo‘shilsa, Rossiya va NATO o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy mojaro kelib chiqishi ehtimoli haqida so‘rashgan. «Bu [NATO bilan urush] keng ko‘lamli uchinchi jahon urushi debochasi bo‘ladi. O‘ylaymanki, hech kim bundan manfaatdor emas», — degan RF prezidenti.
Qoidabuzarliklar va qo‘lga olishlar
Mustaqil kuzatuvchilar ovoz berishning uch kuni davomida butun mamlakat bo‘ylab uchastkalarda bo‘lib o‘tgan qoidabuzarlik holatlari haqida xabar berishdi. Bu davlat xizmatchilarining ovoz berishga majburlanishini ham, saylov qutilarini soxta byulletenlar bilan to‘ldirishni ham va hukumat 2024 yilgi saylovlarda ba’zi holatlarda yashirin ovoz berishga qo‘ymaganini ham o‘z ichiga oladi.
«Golos» tashkiloti hamraisi Stanislav Andreychukka ko‘ra, soxtalashtirish ko‘lamini baholash yanada qiyinroq bo‘lgan. «Chunki bu saylovlarda kuzatuvchilar deyarli yo‘q. Ular bor joylarda esa odatdagi texnologiyalar qo‘llanmoqda. Shunchaki, barchasi har qachongidan yomonroq».
Andreychuk «Golos» kabi tashkilotlar qatag‘onlar tufayli o‘z kuzatuvchilarini uchastkalarga yubora olmaganini bildirgan. Bunday huquq faqat nomzodlar va partiyalarda bo‘lgan — ular esa bu yil bundan amalda butunlay bosh tortishdi, deydi ekspert.
Rasmiylar saylovlar natijalariga ta’sir ko‘rsatishga, masalan, davomatni oshirishga harakat qilayotgani haqidagi shikoyatlar ovoz berish boshlanishidan bir necha kun oldin kela boshlagandi. Butun mamlakat bo‘ylab budjet xodimlari va davlat kompaniyalari ishchilari uchastkaga kelishga yoki elektron ovoz berishda qatnashishga majburlangan.
Saylovlar kunida esa BBC bilan suhbatda budjet sohasida ishlovchi kishilar ovoz berishning birinchi kunidayoq rahbarlar barchadan saylovdan qatnashganligi to‘g‘risida hisobot so‘ragan.
Tataristondagi davlat muassasalaridan birining xodimi bu yil davomat ustidan nazorat «barcha yillardagidan qattiq bo‘lgani»ni bildirgan.
«Ovoz berish boshlanishiga ikki kun qolganida men o‘zim ishlagan 30 yil davomida kuzatilmagan raznaryadka (biror ishni bajarish uchun hujjat) e’lon qilindi. Mening bo‘limimda 32 kishi bor. Va odatda shunchaki yuqori lavozimdagi boshliqqa „mening“ xodimlarim kun yarmida ovoz berib bo‘lganini aytishim kifoya qilardi. Bu safar esa bu ish ikki barobar qat’iylashdi. Men har bir xodimdan ovoz bergan uchastkasi raqamini va ovoz bergan vaqti haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishim talab etildi. Va bu barcha ma’lumotlar tablichkada qayd etildi. Men barcha shanba kuni soat 16.00 ga qadar ovoz berib bo‘lishini ta’minlashim kerak edi. Uchastkalarning raqamlari yozilgan tablichkani esa dushanba kuni soat 9 gacha topshirishim».
Volgabo‘yidagi universitetlardan birida dars beruvchi o‘qituvchi BBC bilan suhbatda aytishicha, payshanba kuni ularga kafedra boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilgan va «muloyimlik, ammo qat’iyat bilan juma kuni kun oxirigacha ovoz berib bo‘lishni so‘ragan». «Uni uyaltirib qo‘ymaslikni, chunki agar kimdir bormasa — bundan barcha xabar topishi va keyin muammolar bo‘lishini aytishdi».
Aftidan, bu rasmiylar davomatni oshirish uchun foydalangan yagona metod emasdi. Saylovlarni kuzatish bo‘yicha mustaqil ekspert Roman Udot 17 mart kuni Markaziy saylov komissiyasining ichki ma’lumotlar bazasiga kirishga muvaffaq bo‘lganini aytgan. Shu tufayli u Rossiyaning bir qancha regionlarida saylovning birinchi kunida komissiya turli saylov uchastkalarida mutlaqo bir xil raqamlarni e’lon qilganini aniqlagan. Masalan, bunday holatlar Dog‘istonda va Kemerovo oblastida ro‘y bergan. Holbuki, haqiqiy holatda raqamlar turlicha shaklda bo‘lishi kerak edi.
Saylov qutilariga komissiya a’zolari tomonidan to‘ldirilgan byulletenlar tashlanishi holatlari ham kuzatilgan. Buni hatto partiya kuzatuvchilari ham qayd etishgan: masalan, Krasnodar o‘lkasida kommunistik partiya komissiyasi a’zosi qutida buklangan byulletenlar to‘plamini topgan va politsiyaga murojaat qilgan. Partiyaning hududiy bo‘limi ushbu holat videosini e’lon qilgan.
Byulletenlar tashlangani aks etgan yana bir video «Golos» tomonidan tarqatilgan. Unda Krasnodardagi uchastkalardan birida ayol qutiga bir necha byulleten tashlayotgani aks etgan. Bunday holatni kamerada qayd etish «katta muvaffaqiyat», degan Stanislav Andreychuk videoyozuv izohida.
Ovoz berishning so‘nggi kunida shikoyatlarning ko‘pchiligi rasmiylar amalda saylovchilarga yashirin ovoz berish imkoniyatini taqdim etmagani bilan bog‘liq edi. BBC suhbatdoshi aytishicha, komissiya a’zolari va politsiyachilar ularning byulletenlarini ko‘zdan kechirishgan, ayrim uchastkalarda esa ovoz berish kabinkalari parda bilan to‘silmagan.
Uchastkalarda saylov qutilari oldida politsiya xodimlari turgan va odamlar byulletenga nima yozganini o‘qishgan. Ayrim rossiyaliklar byulletendagi yozuvlar politsiyachilarga yoqmagani uchungina qo‘lga olingan.
Masalan, «OVD-Info» xabariga ko‘ra, Moskvaning Strogino rayonida qandaydir yozuv bo‘lgan byulletenni olish uchun ovoz berish qutisini ochishga harakat qilishgan. Komissiya rahbari esa bu talabni bajarishdan bosh tortgan.
Kolomnada mahalliy aholi vakili Karina Gradusova byulleteniga qing‘ir-qiyshiq qilib chizib chiqqani uchun bir yarim yoshli chaqalog‘i bilan birga qo‘lga olingan. Keyin ayolga chaqaloqni qarindoshlariga berib kelishga ruxsat berilgan, uning o‘zi esa politsiya bo‘limiga qaytarilgan.
Moskva oblastidagi Pushkino shahridagi uchastkada politsiya saylovchi nomzodlarga munosabatini ifoda etgan byulletenni saylov qutisi oldida suratga olgan, deya yozadi «OVD-Info».
Peterburgda saylovchi ayolga byulletendagi «Net voyne» yozuvi tufayli armiyani obro‘sizlantirish bo‘yicha protokol tuzilgan. Moskvadagi uchastkada ham xuddi shunday holat bo‘yicha yana bir ayolga protokol tuzilgan. Kostromada esa kommunistik partiyaning ushbu shahar bo‘limi kotibi Andrey Tarasovga xuddi shu modda bo‘yicha protokol tuzilgan. U «Net voyne» yozuvi va Vladimir Putinga belgi qo‘yilgan byulleten fotosini tarmoqqa joylashtirgandi.
«Huquq-tartibot organlari tomonidan qonunsizlik. Ammo buni kutilmagan holat deb ayta olmayman — bu voqealarning mantiqiy rivoji edi. Rossiyada saylov kampaniyasi erkin emas: odamlar hatto qo‘shnilari bilan siyosatni muhokama qilmay qo‘yishdi, bu juda xavfli. Maxsus harbiy amaliyotni tanqid qilish qonun bilan taqiqlangan, ya’ni bu saylovdagi asosiy nomzodlardan birining asosiy ishini. Arzimas tanqid uchun ham ma’muriy yoki jinoiy ish ochilishi mumkin. Shunday ekan, ovoz berish kunlarida politsiyachilarning bu harakatlari mantiqqa to‘g‘ri keladi», — deya izohlagan Stanislav Andreychuk.
«OVD-Info» xabariga ko‘ra, Rossiyada prezidentlik saylovlari vaqtida 17 shaharda jami 75 kishi qo‘lga olingan.
Mavzuga oid
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:45 / 13.06.2026