Jamiyat | 14:12 / 22.03.2024
38241
14 daqiqa o‘qiladi

Eski kiyim tufayli uzilgan rishta (Hayotiy hikoya)

“Dugonamning o‘g‘li baqirib gapirar ekan, atrofimizni odamlar o‘ray boshladi. Shu tobda uning o‘g‘limni yerga urayotgani to‘g‘ri ish bo‘lmayotgandi. Qarasam, o‘g‘limning qo‘llari musht bo‘lib tugilyapti. Darhol uni nariroqqa tortib ketdim. Bir payt qarasam o‘g‘limning ko‘zi jiqqa yosh. U menga “Ona, ko‘rdingizmi, o‘ylamay qilingan bir ish tufayli kimlardandir bir umr tili qisiq bo‘lib o‘tamiz”, demadi. Biroq bu gaplarni uning yoshlanib turgan ko‘zidan uqdim”.

Inson borki xatodan, gunohdan xoli emas. Kimdir yolg‘on gapirib qo‘yadi, kimdir kibrli, boshqalarda ham ayrim salbiy sifatlar bo‘lishi mumkin.

“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni ham dugonasining minnati tufayli u bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan ekan.

“Bolaligimiz sovet davrida o‘tdi. Sinfimizda bir qiz bilan dugona tutingan edim. Uning oilasi ham biznikiga o‘xshagan oddiy oila bo‘lib, asosiy daromadlari kuz oxirida hosil yig‘ilgandan so‘ng kolxoz beradigan ish haqi hisobidan edi.

Shu joyda sovet davrida hamma oddiy edi deb e’tiroz bildirishga shoshilmang. Kolxozimizning rahbari, uning qo‘lida ishlaydiganlar, brigada boshlig‘imiz – bularning uy-joylari va yashash sharoitlari boshqalarnikidan farq qilardi.

Yana mahalladagi magazin mudiri yoki tuman markazidagi maishiy xizmat ko‘rsatish uyida sartarosh yoki fotosuratchi bo‘lib ishlaydiganlar ham boshqalardan ancha yaxshi yashardi.

Dugonam bilan maktab davrida 10 yil birga o‘qidik, bir partada o‘tirdik. Oyim o‘qituvchi bo‘lib ishlaganlari uchun biz sal yaxshiroq yashardik. Dugonamning aka-uka, opa-singillari ko‘p edi va ota-onasi har doim ham so‘ragan narsalarini olib bera olmasdi.

Shunday paytlarda onam menga nimadir olsa dugonamga ham qo‘shib olardi. Ayniqsa nimadir kiyim ko‘rib qolsa birdaniga ikkita olardi. Shunda dugonam bilan bir xilda kiyinib yurardik. Maktabda, mahallada ikkimizni Fotima-Zuhra deyishardi.

Maktabni bitirganimizdan so‘ng ikkalamizga ham sovchilar kela boshladi. Bunday paytda aksariyat ota-onalar qizini tezroq uzatish va undan “qutulishni” o‘ylaydi. Oldinma-keyin ikkalamizning ham to‘yimiz bo‘ldi.

Dugonam qo‘shni mahallaga, o‘ziga to‘qroq xonadonga kelin bo‘ldi. Qaynotasi mahalladagi magazin mudiri edi. Ularning “Jiguli”si bor edi va o‘sha paytlarda bunday mashinalar mahallada ikkita yoki uchta o‘ziga to‘qroqlarda bo‘lardi. Qaynotasi tekshirib qolishlaridan qo‘rqib mashinani urushda qatnashgan otasi nomiga olgandi

Dugonam bilan do‘stligimiz to‘ydan keyin ham davom etdi. To‘yimizga 7-8 yil bo‘lib qolganida menda uch farzand – ikki o‘g‘il va bir qiz, dugonamda bir qiz, bir o‘g‘il bor edi. Shundan so‘ng u boshqa farzand ko‘rmadi. Men esa yana ikki farzandli bo‘ldim.

O‘sha paytlarda dugonam bolalariga xohlagan kiyimlarini olib berar, erim bilan menda bunday imkoniyat yo‘q edi. Bolalarimga ancha-munchada kiyim olib berolmasdik. O‘g‘illarim akasining, qizim opasining kichrayib qolgan kiyimlarini kiyib yurishardi.

Kiyim haqida bekorga gap ochmadim. Aynan kiyim tufayli keyinchalik dugonam bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketdim. Ungacha esa ...

Kunlarning birida dugonamni ko‘rgani bordim. Suhbatlashib o‘tirar ekanmiz gap ochib qoldi:

“Dugonajon, agar malol olmasang bir gapim bor. Sen va eringning holatini bilaman, beshta bolani yeb-ichirish, kiyintirish osonmas. Shunga agar xo‘p desang o‘g‘lim va qizimning eski kiyimlari bor. Aslida eski bo‘lib eski ham emas, bir muddat kiyilgan, keyin yo yangisi olingan yoki kichik bo‘lib qolgan. Tashlab yuborishga ko‘zim qiymay olib qo‘yganman. Bolalaringdan so‘ra, agar xo‘p deyishsa ularni berib yuboraman, kiyishsin. Isrof bo‘lmasin deyapman”.

Uning gaplarini eshitib bir muddat jim qoldim. Zinhor dugonam meni kamsityapti degan fikr xayolimdan o‘tmadi. Uning isrofni yomon ko‘rishini, har bir narsani tejab-tergab ishlatishini bilardim.

O‘sha tobda meni boshqa narsa o‘ylantirayotgandi. Bolalarim rozi bo‘lishsin ham deylik, ertaga dugonamning o‘g‘li yoki qizi bolalarimning egnida o‘zining kiyimini ko‘rib kamsitmasmikan?

Yoki kelajakda qachonlardir dugonamning o‘zi gap orasida “Bolalaring bolalarimning eskisini kiyib katta bo‘lgandi” deb aytib yubormasmikan? Insonning ko‘ngli shishaday nozik, bergan kiyimlarini minnat qilib bolalarimni yoki o‘zimning ko‘nglimni og‘ritmasmikan?

O‘sha kuni dugonamga o‘zimni xavotirga solayotgan mulohazalarimni aytdim. “Qiziqmisan, bunday bo‘lmaydi. Sen xavotir olma, bolalarimga ham tayinlab qo‘yaman, hech qachon bu haqda gapirishmaydi, minnat qilishmaydi”, dedi u.

Uyga qaytgach bolalarimga dugonamning taklifini aytgandim, mayli olib keling deyishdi. Kiyimlarni olib keldim, bolalarim o‘zlariga loyiqlarini olishdi, qolganini qiynalganroq qo‘shnimiz bor edi, uning bolalariga berib yubordim.

Erim bolalarimning egnida begona kiyimlar paydo bo‘lganini ko‘rib savolomuz qaragandi “Dugonamning bolalariga kichik bo‘lib qolibdi, qo‘yarda qo‘ymay berib yubordi”, dedim. Erim birpas o‘ylanib turdi-da “Shuni chakki qilibsan”, dedi. Lekin “kiyishmasin”, demadi. Balki o‘sha paytda bolalarga ancha-munchada kiyim olib bera olmayotganini o‘yladimi?!

Oradan yillar o‘tdi. Farzandlarimiz ulg‘ayishdi. Mustaqillik arafasida tadbirkorlikka ruxsat berildi va erim kolxozdagi ishini tashlab savdoga o‘tib ketdi.

Ko‘p o‘tmay tuman markazidan savdo do‘koni ochdik. O‘g‘illarim maktabni bitirgach o‘qishni xohlashmadi va otasiga yordam bera boshladi. Mashina oldik, uy-joyni buzib boshqatdan qurdik.

Kunlarning birida to‘ng‘ich o‘g‘lim oldimga kirdi va bir qizni yaxshi ko‘rishini, shunga sovchilikka borishim kerakligini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha qizning ham o‘g‘limda ko‘ngli bor, biroq uni boshqa yigitlar ko‘z ostiga olgan, tinmay sovchi jo‘natishayotgan emish. Biz bormasak ota-onasi boshqaga berib yuborarmish.

Erim bilan maslahatlashdik, qizning oilasi ma’qul keldi va sovchilikka bordik. Birinchisida maslahatlashib ko‘raylik deyishdi. Biz tomonlarning odatiga ko‘ra bu qudaning rozi bo‘lishi edi.

Ikkinchi marta sovchilikka borishdan avval bu safar quruq bormaylik deb o‘g‘lim bilan bozorga tushdik. U-bu narsa olib yurgandik dugonamning o‘g‘li ro‘paramizdan chiqib qoldi.

“Faloncha, yaxshimisan? Oying tuzukmi? Bir-ikki kunda oldiga o‘tib qolaman, salom aytgin”, dedim. U na salom berdi, na savollarimga javob qaytardi. O‘g‘lim bilan mening ro‘paramda turib olib avvaliga bir muddat ola qarab turdi. Uning avzoyini ko‘rib xayolimga ming gumon keldi, oyisiga biron narsa bo‘lganmikan?

Dugonamning o‘g‘li yana birpas g‘alati qarab turdida gap boshladi:

“Sizni xola degandim, o‘g‘lingiz menga ukamday edi, nimalar qilib yuribsiz? Men yaxshi ko‘rgan qizni o‘g‘lingizga olib bermoqchi ekansiz. Kecha onam sovchilikka borgan edi, qizning onasi o‘g‘lingizga rozilik bildirganini aytib quruq qaytaribdi. Qilar ishni qilib qo‘yib, qaysi bet bilan onamning ahvolini so‘rayapsiz?”

U o‘g‘limga o‘girilib baland ovozda gapini davom ettirdi:

“Sen eski kiyimlarimni, oldimdan qolgan sarqit ovqatni yeb kelgansan. Endi puling ko‘payib, o‘zing kiyim sotib oladigan, qorning to‘yib ovqat yeydigan bo‘lib qoldingmi?”

Dugonamning o‘g‘li baqirib gapirar ekan, atrofimizni odamlar o‘ray boshladi. Ular orasida bizni taniydiganlar ham ko‘rinardi. Shu tobda u menga qancha gapirsa ham mayli edi. Biroq o‘g‘limni yerga urayotgani to‘g‘ri ish bo‘lmayotgandi.

Qarasam o‘g‘limning qo‘llari musht bo‘lib tugilyapti. Darhol uni nariroqqa tortib ketdim. Xayriyatki, dugonamning o‘g‘li ortimizdan bormadi.

Bir payt qarasam o‘g‘limning ko‘zi jiqqa yosh. U menga “Ona ko‘rdingizmi, o‘ylamay qilingan bir ish tufayli kimlardandir bir umr tili qisiq bo‘lib o‘tamiz”, demadi. Biroq bu gaplarni uning yoshlanib turgan ko‘zidan uqdim.

O‘sha paytda bir narsani o‘ylardim. Hozir uyga borgandan dugonamning oldiga o‘taman va o‘g‘lini yig‘ib olishini so‘rayman. Biroq ...

Uyga qaytgandan so‘ng dugonamnikiga otlandim. Biroq ko‘chaga endi chiqqandim hamki uning o‘zi kelib qoldi. O‘g‘li bozordagi voqeani aytgan bo‘lsa kechirim so‘ragani keldi shekilli deb o‘yladim. Ammo u boshqa maqsadda kelgan ekan.

“Seni asl dugonam deb yurardim. Lekin unday emas ekan. Kelin qilmoqchi bo‘lgan qizni o‘g‘lingga so‘rab boribsan. Qiz tomon rozi bo‘libdi”, dedi u.

Dugonamga qizni o‘g‘lim oldindan yoqtirishini, uni ham o‘g‘limda ko‘ngli borligini aytdim, qani endi eshitsa.

“Bilasanmi, hamma gap pulda. Agar hozir ham puling bo‘lmaganda, avvaligiday zo‘rg‘a yashab yurganingda, bolalaring bolalarimning eskilarini kiyib, ulardan qolgan sarqitlarni yeb yurganida sen shu qizni ikki dunyoda ham kelin qila olmasding. Endi eringning ishi yaxshi, pullaring ko‘paydi. O‘tgan kunlar unutildi...”

Gapirgan sayin dugonamning ovozi balandlab borardi. O‘sha tobda uni tinchlantirishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Birin-ketin qo‘shnilar eshik va derazalardan mo‘ralay boshlashdi.

Menga dugonamning gaplarini qo‘shnilar eshitgani emas, uning va’dasida turmagani va bir paytlar o‘zi tiqishtirib bergan eski kiyimlarni minnat qilib gapirgani yomon ta’sir qildi.

O‘sha paytda bitta choram qolgandi – uyga kirdim va darvozani mahkam yopib qo‘ydim. Ichkariga kirgach boshimga og‘riq turdi. Dori ichib yotdim. Dugonam yana qancha baqirdi, qachon ketdi bilmayman.

Va’dalashgan odamlarga yolg‘onchi bo‘lmay deb ertasi kuni sovchilikka bordik. Qizning ota-onasi rozi bo‘lishdi. Bo‘lajak qudaning aytishicha, dugonam ertalab yana sovchilikka kelibdi.

“Kecha qaytib kelmaydigan qilib uzil-kesil rad javobini bergandim, ertalab dugonangiz yana keldi. Rosa sizni yomonlab, qayerdagi gaplarni gapirdi. Fikrimni o‘zgartirishimni so‘radi. Javobini bervordim. Sizni yaxshi taniyman, oilangizni ham bilaman. U ayol bilan qanday shunchalik yaqin dugona bo‘lib yurgansiz-ey?” dedi u.

“Qo‘yavering, yaqin do‘st mana shunaqa paytda sinaladi”, dedim qo‘ydim. Ko‘p o‘tmay to‘yni ham o‘tkazdik. Barcha ginalarni unutib dugonamni to‘yga aytmoqchi bo‘lganimda eng avval o‘g‘lim, so‘ng erim qarshi chiqdi.

“O‘sha gaplardan keyin qariyb bir yil o‘tdi. Dugonangiz bir og‘iz kechirim so‘radimi? Qilgan ishidan afsuslandimi, yo‘q. Agar uni chaqirsangiz to‘y bo‘lmaydi. O‘zingiz o‘ylang, qanaqa qilib meni yerga urib tashlagan ayol to‘yimda ro‘paramga kelib o‘tiradi?” dedi o‘g‘lim.

Biroq men baribir bilganimdan qolmadim va kichik qizimdan dugonamga to‘yga taklifnoma berib yubordim. U qizimni qo‘lidan taklifnomani olibdi va o‘qib ko‘rgach yirtib otib yuboribdi.

Qizim chiqib ketayotganda “Onangga aytib qo‘y, meni unday dugonam qolmagan. Bundan keyin ham yo‘qlab yurmasin”, debdi. Qizimdan bu gaplarni eshitib o‘zi aslida men undan xafa bo‘lishim kerakmidi yoki u mendan, tushunolmay ham qoldim.

O‘sha paytda mabodo dugonam kechirim so‘raganda va men kechirganimda ham do‘stligimiz avvalgiday bo‘lmasdi, chunki ko‘ngil shishasi sinib bo‘ldi deb o‘yladim.

Hayot bir maromda davom etdi. O‘g‘illarimni navbati bilan uylantirdim, qizlarimni uzatdim. Dugonam ham o‘g‘lini uylantirdi. Qizini uzatdi. Biroq o‘shandan keyin uzilgan rishtalar qayta tiklanmadi”.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid