Jahon | 13:34 / 22.03.2024
6350
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya husiychilar bilan Qizil dengizda yuk tashish bo‘yicha kelishib oldi

Xitoy bilan ham Qizil dengizda xavfsiz yuk tashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan buyon Rossiya va Xitoy kemalari husiychi isyonchilar hujumidan qo‘rqmasdan Qizil dengizda harakatlana oladi.

Rossiya va Xitoy Yamandagi husiychi isyonchilar bilan Qizil dengizda xavfsiz yuk tashish bo‘yicha kelishib oldi. Bloomberg agentligining 21 mart, payshanba kuni xabar berishicha, husiychilar Qizil dengizdagi Rossiya va Xitoy kemalariga hujum qilmaslikka va’da bergan

Husiychilar 2023 yil noyabr oyidan beri Qizil dengizda Isroil bilan aloqador deb hisoblayotgan kemalarga hujum qilmoqda. Ularning aytishicha, hujumlar Isroil G‘azo sektori blokadasi va Falastin hududidagi harbiy amaliyotini tugatmaguncha davom etadi. Qizil dengizda dunyoning eng muhim savdo yo‘llari joylashgan. 

«Qarshilik o‘qi»

Husiychilar Yamanning ayrim qismlarini, shuningdek, bu mamlakat qirg‘oqlarini nazorat qiladi. Ular Eron boshchiligidagi «Qarshilik ko‘rsatish o‘qi»ga mansub va Falastinning HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qizil dengizda yuk tashishni himoya qilish uchun Qo‘shma Shtatlar 2023 yil oxirida Operation Prosperity Guardian («Farovonlikni himoya qilish bo‘yicha operatsiya») tashabbusini boshladi, unga qator davlatlar qo‘shildi. Germaniya Qizil dengizga Hessen fregatini yubordi. U Yevropa Ittifoqining Aspides operatsiyasida ishtirok etyapti.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 31,5 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid