Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya «Krokus Siti»dagi fojiadan keyin teraktlar sodir etilishidan xavotirda
Fransiya hukumati mamlakatda terrorchilik tahdidining eng yuqori darajasini joriy qildi.
Moskva viloyatida sodir bo‘lgan terakt fonida Fransiya terrorchilik tahdidi xavfining eng yuqori darajasini e’lon qildi. Bu haqda 24 mart, yakshanba kuni bosh vazir Gabriel Attal X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida mamlakat Mudofaa va milliy xavfsizlik kengashini chaqirtirdi. Attal uchrashuvga sabab sifatida 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahrida «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir bo‘lgan teraktni keltirgan.
«IShID hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani va mamlakatimizga qilinayotgan tahdidlarni inobatga olib, biz Vijipiratni (terror tahdidi milliy tizimi) eng yuqori darajaga - «hujumga favqulodda tayyorlik» darajasiga oshirishga qaror qildik», - deydi Attal.
Vijipirat beshta terroristik ogohlantirish darajasini o‘z ichiga oladi, bunda hech qanday tahdid kutilmaydigan «oq»dan eng yuqori «binafsha»gacha daraja nazarda tutilgan. Eng yuqori daraja mamlakatda bir qator terrorchilik harakatlarini, shu jumladan «noan’anaviy» usullarni qo‘llash xavfini anglatadi. Ushbu tahdid darajasi joriy etilganda, hokimiyat tegishli idoralarga terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun jamoat hayotiga zarar yetkazadigan choralarni qo‘llashga ruxsat beradi.
Fransiyada Vijipiratning maksimal darajasi so‘nggi bor 2023 yil oktyabr oyi o‘rtalarida, HAMASning Isroilga hujumidan keyin Yaqin Sharqda mojaro kuchayishi bilan bog‘liq «antisemitizm harakatlari» fonida sodir bo‘ldi. O‘shanda Fransiya shimolida 20 yoshli chechenistonlik Arras shahrida maktab o‘qituvchisini pichoqlab o‘ldirgan va shundan so‘ng mamlakatni transport tarmog‘i obektlari, maktablar va madaniyat markazlari minalab qo‘yilgani haqida yolg‘on xabarlar to‘lqini qamrab olgan edi.
Parij OO‘ ochilishida tomoshabinlar sonini kamaytiradi
Mart oyi boshida Politico nashri Makron 26 iyul kuni Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida tomoshabinlar sonini kamaytirishga buyruq bergani haqida yozgan edi. Gazetaga ko‘ra, o‘sha paytda mamlakat razvedka xizmatlari 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari paytida teraktlar sodir etish xavfini qayd etmagan, ammo xavotir bildirgan. Fransiya Ichki ishlar vazirligining fikricha, bir qator terroristik guruhlar, jumladan, IShID va «Al-Qoida» mamlakatni bo‘lajak hujumlar uchun ehtimoliy nishon sifatida ko‘radi, biroq ularning xorijdan tashkil etilishiga «moliyaviy imkoniyatlar» yetishmasligi to‘sqinlik qilmoqda.
Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi, odatda, bunday tadbirlarda bo‘lgani kabi, stadion ichida emas, balki ochiq maydonda bo‘lib o‘tadi - u Sena qirg‘og‘ida o‘tkaziladi.
Germaniya ham IShID hujumlaridan xavotirda
Voqea uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olganiga qaramay, Rossiya maxsus xizmatlari «Krokus Siti Xoll»ga uyushtirilgan hujumda «Ukraina izi» versiyasini tarqatmoqda.
Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezerning qayd etishicha, Berlin Moskva viloyatidagi terakt IShID tomonidan uyushtirilgan degan versiyadan kelib chiqmoqda. Fezerning ta’kidlashicha, IShID jangarilari hozirda Germaniya uchun «eng katta tahdid»dir.
Bundan tashqari, 19 mart kuni Germaniya Federativ Respublikasi Federal prokuraturasi Gera shahrida (Tyuringiya federativ yeri) IShID guruhiga a’zo bo‘lgan ikki shaxsni hibsga oldi. Afg‘onistonliklar Shvetsiya parlamentiga hujum uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda.
Mavzuga oid
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
20:32 / 13.06.2026
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026