Jahon | 21:32 / 27.03.2024
108015
13 daqiqa o‘qiladi

«Krokus»ga hujum bo‘yicha hibsga olinganlar haqida nimalar ma’lum?

26 mart kuni asli qirg‘izistonlik bo‘lgan Alisher Qosimov teraktga aloqadorlikda gumonlanib sudga keltirildi, ayni vaqtga kelib tergov izolyatoriga yuborilganlar soni sakkiz nafarni tashkil etmoqda.

Foto: Reuters

FXX direktori Aleksandr Bortnikov RF prezidenti Vladimir Putinga «Krokus Siti Holl»ga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda gumonlangan 11 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berganidan buyon sudga navbati bilan sakkizinchi kishi ham keltirildi. Tergov qo‘mitasi konsert zalida odamlarni o‘qqa tutishda bevosita ishtirok etganini bildirgan to‘rt kishidan tashqari ularning sheriklari sifatida gumonlanayotgan to‘rt kishi tergov izolyatoriga yuborilgan, ular hozircha aybiga iqror bo‘lmagan.

BBC ushbu odamlar haqida ma’lumot to‘pladi.

Ijrochilikda gumonlanayotganlar

Dalerjon Mirzoyev

Dalerjon Mirzoyev Moskva Basmanniy sudida. 2024 yil 24 mart
Tatyana Makeyeva / AFP / Scanpix / LETA

32 yoshli Dalerjon Mirzoyevni yuzidagi ko‘karishlar bilan sudga olib kelishgan, qamoqqa olish to‘g‘risida qaror o‘qib eshittirilayotganida u oyoqda tura olmadi va «akvarium» devoriga suyanib qoldi. Moskva shahri Basmanniy rayoni sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u aybiga iqror bo‘lgan.

Rossiya FXX tomonidan e’lon qilingan, qo‘lga olish va so‘roq qilish jarayoni aks etgan videoda Mirzoyev IShIDga aloqador sanalgan Amaq News Agency telegram-kanali tarqatgan videodagi qotillardan biri kabi kiyimda bo‘lgan. Videoda ko‘k jinsi shim va yashil sviter kiygan shaxs yarador odamning bo‘ynidan pichoq tortayotgani aks etgan.

Shot telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Mirzoyev hujum qilgan shaxslar yashirinishga uringan «Reno» avtomobili rulida bo‘lgan.

Sud materiallariga ko‘ra, u Tojikiston fuqarosi, uning to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor. U Novosibirskda vaqtincha propiskadan o‘tgan va shu shaharda taksichi bo‘lib ishlagan, ammo uning yashash uchun ruxsatnomasi muddati hujumga qadar yakunlanib bo‘lgandi.

Novosibirskdagi NGS nashri muxbiri Novosibirskda Mirzoyev yashagan kvartira egasi bilan gaplashgan. U Mirzoyevning Tojikistonda rafiqasi va to‘rt nafar farzandi bo‘lganini tasdiqlagan.

Uy egasi Mirzoyevning harakatlarida shubhali hech narsa sezmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirzoyev diniy adabiyotlarni o‘rganmagan, kvartiraga faqat tunash uchun kelgan. Ishlagan pullarini Tojikistondagi onasiga yuborishini aytgan.

Shamsidin Fariduni

Foto: Reuters

25 yoshli Fariduni sudga yuzi va yanog‘i shishib ketgan holda olib kelingan. Bundan oldinroq kuchishlatar tuzilmalarga aloqador sanalgan telegram-kanallar ushbu shaxs elektr orqali qiynoqqa solinayotgani aks etgan videoyozuvni tarqatgandi.

U ham Tojikiston fuqarosi, uylangan, sakkiz oylik chaqalog‘i bor. Fariduni Krasnogorskda yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Rossiyaga mart oyi boshida kelgan va Podolskdagi fabrikaga ishga kirgan.

Kuchishlatar tuzilmalar e’lon qilgan so‘roq jarayoni videosida Fariduni 4 mart kuni Turkiyadan uchib kelgani, u yerga «hujjatlar uchun borgani», «Krokus Siti Holl»da esa 500 ming rubl evaziga «odamlarni otgani»ni aytadi. So‘roq videosida hujum qandaydir «targ‘ibotchining yordamchisi» telegram orqali buyurtma qilingani aytilgan. OAV manbalari uni hujum qilganlarning rahbari sifatida keltirgan.

Rossiyadagi telegram-kanallar tasdiqlashicha, Fariduni hujumdan oldin konsert zalini o‘rganish uchun bir necha bor «Krokus Siti Holl»ga kelgan. Jumladan, VChK-OGPU kanali Faridunining 7 mart kuni «Krokus»da olingani aytilgan fotosuratini namoyish etgan.

Muhammadsobir Fayzov

19 yoshli Muhammadsobir Fayzov Basmanniy rayon sudiga jonlantirish bo‘limidan keltirilgan, zalga uni jarrohlik amaliyotidan keyingi kresloda kateterga (qovuqni bo‘shatish yoki unga dori yuborish uchun ishlatiladigan naycha) ulangan holatda olib kirishgan.

Unga ikki nafar tibbiy xodim hamkorlik qilgan, sud majlisi yopiq rejimda o‘tkazilishi haqidagi qarordan keyin ularni zaldan olib chiqishgan. OAVning yozishicha, Fayzov gapira olmaydigan holatda bo‘lgan.

Fayzov — Tojikiston fuqarosi, uylanmagan, Ivanovskaya oblasti Teykovo shahridagi «Ploshadka» barbershopida bir necha oy ishlagan.

Sartaroshxona egasi bo‘lgan ayol «Moskovskaya komsomolets» nashriga bergan izohida uni yaxshi sartarosh sifatida ta’riflab, unda «hech qanday g‘alati narsa sezishmagani»ni aytgan.

Saidakrami Rajabalizoda

Saidakrami Murodali Rajabalizoda — 30 yoshli ishsiz. Sudda u Rossiyaning qayerida ro‘yxatdan o‘tganini eslay olmasligini bildirgan. Uylangan, bir nafar farzandi bor.

U rus tilini tushunadi, ammo bu tilda gapira olmaydi, u jarayon ishtirokchilari bilan tarjimon orqali gaplashgan. Aybini tan olgan.

Sud majlisidan oldinroq Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarda Rajabalizodaning qo‘lga olinishi va so‘roq qilinishi aks etgani aytilgan videoyozuv tarqalgandi. Videoda uning bir qulog‘i kesib olingani va og‘ziga solib qo‘yilgani aks etgan.

Zaporijjya oblastining okkupatsiya qilingan qismi ma’muriyati vakili Vladimir Rogov 23 mart kuni huquq-tartibot organlari xodimlari qonga belangan kishini mashinaga chiqarayotgani aks etgan videoni namoyish etdi — unda Rajabalizodaning qo‘lga olinishi jarayoni ko‘rsatilgan. Videoga izohda shunday deyilgan: «Bryansk oblastidagi terrorchilardan biri o‘rmonga yashirinishga urindi. Ammo bizning siloviklar uni qulog‘idan tortib qolishdi».

«Vajniye istorii» nashri ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchining qulog‘ini huquq-tartibot organlarining neonatsistlarning «Rusich» diversiya-shturm razvedka guruhi tarafdori bo‘lgan vakili kesib olgan.

24 mart kungi sud majlisida Rajabalizoda boshi bog‘langan, yuzidagi ko‘karishlar va shish bilan ko‘rinish berdi.

Avtomobil egasi va uning qarindoshlari

Dilovar Islomov «Krokus Siti Holl»ga hujumdan keyin politsiyaga o‘zi kelgan
Foto: MIKHAIL SINITSYN/TASS

25 mart kuni Basmanniy rayon sudi yana uch kishini qamoqqa oldi: ulardan biri, 24 yoshli Dilovar Islomov — hujum qilganlar «Krokus»ga kelishda va u yerni tark etishda foydalangan «Reno»ning oxirgi egasi bo‘lgan.

Shuningdek, uning akasi — 33 yoshli Aminjon Islomov va ularning otasi Isroil Islomov qo‘lga olingan.

Ularning barchasi teraktni tashkillashtirishda hamkorlik qilish haqidagi modda bo‘yicha ayblanmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, oldinroq hibsga olingan Shamsiddin Fariduni yanvar oyidayoq Aminjon Islomovni hujum tayyorlagan guruhga jalb etgan, mart oyida — Dilovar Islomovni ham. Ularning otasi nimada gumonlanayotgani Tergov qo‘mitasi bayonotida keltirilmagan.

Dilovar Islomovning akasi Iam jurnalistlar bilan suhbatda u hujumga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida hech narsa bilmagani va hodisa haqida xabar topgach, politsiyaga o‘zi borgani haqida aytib bergan.

«Dilovarning bunga aloqasi yo‘q, u shunchaki o‘z mashinasini sotgan, u aybdor emas va bu masalada hech narsadan xabari bo‘lmagan. Unda sotib olish-sotish kelishuvi bor, unga mashina taksi uchun kerakligini aytishgan. U internetda [bu mashina] videosini ko‘rishi bilanoq uchastka nozirining oldiga yo‘l oldi», — degan «Verstka» nashriga Iam Islomov.

Bungacha ham hujumdan bir necha soat o‘tganidan keyin Dilovar Islomov jurnalistlarga hujum qilganlar foydalangan avtomobil taqdiri haqida aytib bergandi. O‘zining aytishicha, «Krokus»ga hujum qilinishidan bir haftacha oldin u «Reno»ni o‘z qaynog‘asiga sotgandi.

Ijaraga beruvchi

MOSCOW CITY COURT'S PRESS OFFICE/HANDOUT VIA REUTERS

26 mart kuni Moskvaning Basmanniy rayon sudi sakkizinchi gumonlanuvchini qamoqqa oldi — bu 32 yoshli Alisher Qosimov, tergov versiyasiga ko‘ra, u o‘z kvartirasini «Krokus Siti Holl»ga hujum qilishda ishtirok etganlarga ijaraga bergan.

Qosimov — Qirg‘iziston fuqarosi, Krasnogorskda ro‘yxatga olingan, uch nafar farzandi bor.

Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, u kvartirantlari terrorizm bilan aloqadorligidan bexabar bo‘lgan — «Mediazona»ning yozishicha, u shunchaki «Avito» saytida kvartirasini ijaraga berishi haqida e’lon bergandi.

Qosimovning onasi jurnalistlarga aytishicha, o‘g‘li kvartirani ipoteka to‘lovini amalga oshirish maqsadida ijaraga bergandi.

«Men unga kvartirani faqat ruslarga berishini aytdim, unga esa pul kerak edi, uning uch farzandi va ipotekasi bor, u to‘lov qilishi kerak edi va [hujumni ijro etgan] bu odamlarga topshirgan», — degan u.

«Mening o‘g‘lim — yaxshi inson», — deya qo‘shimcha qilgan u. «U oddiy, sodda, barchaga ishonuvchan odam. U hamisha odamlarga yordam berishni xohlaydi! Ularni „Avito“ orqali topgan… U kvartirani bergan, buni bilaman. Ammo u bu yigitlarni tanimagan», — degan ayol.

«Avito» servisi allaqachon Qosimovning akkauntini tekshirishgani va taqiqlangan so‘rov va xabarlar aniqlanmaganini ma’lum qilgan.

«Krokus Siti Holl»ga hujum

«Krokus Siti Holl»ning yonayotgan binosi, 2024 yil 22 mart
Denis Voronin / Agenstvo «Moskva»

22 mart kuni avtomat ko‘targan bir necha kishi Moskva chekkasidagi Krasnogorskda joylashgan «Krokus Siti Holl» konsert zaliga bostirib kirishdi — bu vaqtda «Piknik» guruhi konserti boshlanishiga bir necha daqiqa vaqt qolgandi. Ular tashrif buyuruvchilarga qarata o‘t ochgan va binoga o‘t qo‘yishgan. Tergov qo‘mitasi terakt bo‘yicha ish ochgan.

23 mart tongida FXX direktori Aleksandr Bortnikov Vladimir Putinga 11 kishi qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berdi. Sudga keltirilmagan uch kishi nimada ayblanayotgani hozircha ma’lum emas.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 140 nafarga yetgan, teraktdan keyingi kunlarda shifoxonada uch kishi jon berdi. Shuningdek, 360 kishi jarohatlangan, shundan 11 nafari bolalar. 

27 mart kuni Tergov qo‘mitasiga jabrlanuvchilardan «Krokus Siti Holl»dagi teraktdan keyin yaqinlari «yo‘qolgani» haqida 143 ta ariza kelib tushgani ma’lum qilindi. Xabarda aytilishicha, hozirga kelib 84 jasadning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Avvalroq Baza telegram-kanali dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, teraktdan keyin 95 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgani haqida xabar tarqatgandi. Bunday ro‘yxat qarindoshlarning murojaatlari asosida operativ xizmatlar tomonidan tuzilgan. 

Kanal ma’lumotiga ko‘ra, bu raqamlar jabrlanganlar va qurbonlar ro‘yxatida bo‘lmagan odamlarni o‘z ichiga olgan.

Baza manbasiga ko‘ra, ro‘yxatdagi ayrim odamlar qandaydir sabablarga ko‘ra aloqaga chiqmagan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ulardan ayrimlari, katta ehtimol bilan qurbonlar ro‘yxatida bo‘ladi, bular hali jasad qoldiqlari topilgan, ammo shaxsiga aniqlik kiritilmaganlar. 

Davlat dumasi deputati va Rosgvardiya rahbarining sobiq maslahatchisi Aleksandr Xinshteyn gumonlanvchilar harakatlangan oq «Reno»ni tunda Bryansk oblastida ko‘rishgan — uning so‘zlariga ko‘ra, mashina huquq-tartibot organlari xodimlari talablariga bo‘ysunmagan va shundan keyin unga qarata o‘t ochilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l kameralari orqali olingan tasvirlar tarqalgan, unda  «Reno Simbol» avtomobili soatiga 90 km tezlik harakatlangan joyda soatiga 141 km tezlikda harakatlangani aks etgan. Avtomobil to‘xtatilguniga qadar 300 km atrofida yo‘l bosishga ulgurgan.

Mavzuga oid