Jahon | 14:00 / 02.04.2024
7349
3 daqiqa o‘qiladi

Mer: Xarkivda deyarli butun energetika infratuzilmasi vayron bo‘ldi

Xarkivda Rossiyaning o‘qqa tutishi natijasida deyarli butun energetika infratuzilmasi vayron bo‘ldi, dedi shahar meri Igor Terexov. U Rossiyaning Xarkivga hujumga tayyorlanayotgani haqidagi mish-mishlarni «maxsus axborot operatsiyasi» deb atadi.

Igor Terexov Foto: Facebook/Іgor Terexov

Xarkivda Rossiyaning o‘qqa tutishi natijasida deyarli butun energetika infratuzilmasi vayron bo‘ldi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov Ukrainaning Liga.net nashriga 1 aprel, dushanba kuni chop etilgan intervyusida aytdi

«Dushmanning rejasi nima ekanini bilmayman. Deyarli barcha muhim energetika infratuzilmasi vayron qilindi, xususiy infratuzilma ham bir ahvolda. Rossiya bizni qo‘rqitmoqchi, ammo buning iloji yo‘q. Ikki yil davomida biz turli darajadagi tahdidlarni ko‘rdik, hatto Xarkivning o‘zida DRG (diversion-razvedka guruhi)gacha. Deyarli ikki millionlik shahardan bor-yo‘g‘i 300 ming (aholi) qolgan paytlar ham bo‘lgan. Ammo, hech kim darvozalarni ochib bermayapti. Biz qiyinroq vaqtlarni boshdan kechirdik - bundan ham omon qolamiz», - dedi Terexov. 

Merning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Xarkivga qarshi uzoqroq - 90 kmgacha bo‘lgan harakatga ega yangi snaryadlarni Belgorod va mintaqadan uchirmoqda. Bunday holda, ko‘pincha S-300 komplekslari qo‘llanadi, ularning snaryadlari Xarkovga 40 soniyada yetib boradi. 

Rossiya Xarkivga hujum qilishga tayyorlanyaptimi? 

22 mart kuni Rossiyaning ommaviy zarbasi natijasida Xarkivdagi issiqlik elektr stansiyasi va barcha nimstansiyalar vayron bo‘ldi, uylarning 60 foizi elektr energiyasiz qoldi, shaharda elektr transporti harakati to‘xtadi. O‘shandan beri shahar yana bir necha hujumga uchradi va energetiklarning infratuzilmani tiklashga urinishiga qaramay, elektr ta’minotidagi uzilishlar davom etmoqda. Shahar meri shaharga yetkazilgan zararni 10 million dollardan ortiq deb baholamoqda. 

Ommaviy axborot vositalarida Rossiya Xarkivga hujumga va bahorda yana 300 ming kishini harbiy xizmatga chaqirishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Igor Terexov Liga.net nashriga bergan intervyusida, bu «dushmanning, ya’ni Rossiyaning maxsus axborot operatsiyasi», degan fikrni bildirdi. UQK bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiya QKni Xarkivni egallab olishga yangi urinishdan ogohlantirib, bu shahar rossiyaliklar uchun «halokatli» bo‘lishini va’da qildi.

Mavzuga oid