Jahon | 12:30 / 03.04.2024
2167
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi «chet el agentlari»ning saylovlarda ishtirok etishini taqiqlamoqchi

«Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi «chet el agentlari»ning barcha darajadagi saylovlarda ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etdi. RF amaldagi qonunchiligi ularga saylovlarni kuzatishni taqiqlaydi.

Foto: Russian State Duma/REUTERS

«Spravedlivaya Rossiya - Za pravdu» partiyasi fraksiyasi yetakchisi Sergey Mironov va RF Davlat dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Gusev 2 aprel, seshanba kuni «chet el agentlari» deb atalmish reyestrga kiritilgan fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasini parlament muhokamasiga kiritdi. Bu haqda RBK agentligi o‘z ixtiyoridagi hujjat asosida ma’lum qildi

Agentlik saytida qayd etilishicha, mualliflar «chet el agentlari» deb e’lon qilingan Rossiya fuqarolarini ham federal va mintaqaviy hokimiyat, ham mahalliy hokimiyat organlariga saylanish huquqidan mahrum qilishni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, rossiyalik siyosatchilar RF fuqarolarining ushbu «toifasi»ni davlat organlari, davlat va kommunal xizmatlar lavozimlariga tayinlashni hamda ular saylov komissiyalariga a’zo bo‘lishini taqiqlashni rejalashtirmoqda. 

Mironov jurnalistlarga aytishicha, o‘z taklifini «ko‘pchilik chet el agentlari hozirda xorijda yashayotgani, Rossiyaga qarshi pozitsiyani egallab turgani va Ukraina Qurolli kuchlarini moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlayotgani» bilan asoslagan. 

Davlat dumasi avvalroq «chet el agentlari» uchun reklamani taqiqlovchi qonunni qabul qildi

Fevral oyi oxirida Davlat dumasi «chet el agentlari» uchun reklamani taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, tashkilotlarga Rossiya rasmiylari tomonidan «chet el agenti»deb tan olingan har qanday shaxsni reklama qilish va ularning resurslarida o‘zini reklama qilish taqiqlanadi. Taqiqni buzganlik uchun jismoniy shaxslar uchun 50 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun 500 ming rublgacha jarima solinadi. 

11 mart kuni RF prezidenti Vladimir Putin Rossiya fuqarolari va kompaniyalariga «chet el agentlari» resurslarida – ularning saytlari, ijtimoiy tarmoqlari, bloglari va boshqa platformalarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Hujjat, shuningdek, OAV va internetda «chet el agentlari»ning o‘z resurslarini reklama qilishni taqiqlaydi.

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun

Rossiyada «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 2012 yilda paydo bo‘lgan. O‘shandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiq ro‘yxatiga kiritilgan. Jismoniy shaxslar – «chet el agentlari» reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan bo‘lib, u NNTlar – «chet el agentlari», OAV – «chet el agentlari» va ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar – «chet el agentlari» ro‘yxati bilan bir qatorda to‘rtinchi ro‘yxat bo‘ldi.

2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun Rossiya rasmiylariga ko‘ra, «chet eldan yordam oladigan» va «xorijiy ta’sir ostida» bo‘lganlarni «chet el agentlari» deb e’lon qilish imkonini beradi.

Mavzuga oid