Jahon | 11:27 / 10.04.2024
2281
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Rossiyani 2022 yildan beri 54 harbiy asirni o‘ldirganlikda ayblamoqda

Ukrainada rossiyalik harbiy xizmatchilarga nisbatan ukrainalik mahbuslarni o‘ldirish holati uchun 27 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Umuman olganda, Kiyev 54 ta shunday holatdan xabardor.

Foto: Sergei Malgavko/TASS/dpa/picture alliance

Ukraina tergov organlariga keng miqyosli hujum boshlanganidan beri ukrainalik harbiy asirlarning rus askarlari tomonidan qatl etilgani bo‘yicha 54 ta holat ma’lum. Bu haqda 9 aprel, seshanba kuni «Suspіlne» telekanalida prokuraturaning qurolli mojaro paytida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Yuriy Belousov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 2022 yil mart oyidan buyon ushbu turdagi jinoyatlar bo‘yicha jami 27 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tgan yakshanba, 7 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ukrainalik harbiy asirlarning qatl etilishi aks etgan videoni izohlar ekan, Belousov, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu jinoyat Xerson viloyati egallab olingan qismidagi Krinki qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lganini, biroq tafsilotlar tekshirilayotganini ta’kidladi. 

Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets avvalroq ushbu voqea munosabati bilan BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga xalqaro gumanitar qonunlar buzilganligini qayd etish talabi bilan murojaat qilgani haqida xabar bergan edi. 

«Bu bitta hodisa emas, balki RF siyosatining dalilidir» 

Belousov, shuningdek, «bu alohida hodisa emas, balki Rossiya siyosatining dalili», deb qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy sudi allaqachon Chernihiv viloyatida ukrainalik harbiyning o‘ldirilishi bo‘yicha sud hukmini chiqargan, biroq ko‘p hollarda tergovga ukrainalik tergovchilarning voqea sodir bo‘lgan joyga borish imkoni yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda. 

2023 yil dekabr oyi boshidan fevral oyi oxirigacha BMTga kamida 32 ukrainalik harbiy asir otib tashlangan 12 ta hodisa haqida xabar keldi. BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi (UIHMM) hisobotiga ko‘ra, BMT kuzatuvchilari uchta holatni tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi. Unda ukrainalik harbiy asirlarning o‘ldirilishi haqidagi ishonchli xabarlar soni keskin oshgani aytiladi. Shu bilan birga, 2022 yil va 2023 yil boshida 25 nafar rossiyalik harbiy asirning Ukraina harbiy xizmatchilari tomonidan qatl etilishi holatlari ham qayd etilgan.

Mavzuga oid