Jahon | 14:28 / 15.04.2024
6074
3 daqiqa o‘qiladi

Elchi: AQSh «Krokus»dagi terakt haqida RF bilan ma’lumot almashyapti

Amerika maxsus xizmatlari ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay ruslarga yordam bermoqda, dedi AQShning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Linn Treysi. 

Foto: picture alliance / ASSOCIATED PRESS

«Krokus Siti Xoll»da terakt sodir bo‘lganidan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Federatsiyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri iltimosiga binoan tergovga yordam berish uchun Rossiya maxsus idoralari bilan ma’lumot almashishni davom ettirdi. Bu haqda 14 aprel, yakshanba kuni AQShning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi ikki davlatning terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorligi haqidagi savolga javobida ma’lum qildi. 

Treysining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar «Kreml bilan juda real va chuqur kelishmovchiliklarga» qaramay, ushbu tergov doirasida Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlikni rejalashtirishda davom etmoqda. «Qo‘shma Shtatlar Rossiya fuqarolari terrorizm tahdidi va adolatsiz ta’qiblardan himoyalangan xavfsizlik va qadr-qimmatda yashash huquqiga ega, deb hisoblaydi, shu jumladan, so‘z va yig‘ilishlar erkinligi huquqlarini amalga oshirish uchun», - deya qo‘shimcha qildi u.

WP: AQSh Rossiyaga «Krokus»ni terrorchilar nishoni sifatida ko‘rsatgan

Aprel oyi boshida The Washington Post (WP) amerikalik mulozimlarga tayanib, AQSh Rossiya maxsus xizmatlariga terrorchilik hujumi tahdidi haqidagi ma’lumotlarni yetkazar ekan, jangarilar potensial nishoni sifatida «Krokus Siti Xoll»ni ko‘rsatganini yozgan edi.

WP bilan suhbatlashgan ekspertlar terrorchilarning aniq nishonini ko‘rsatish odatiy bo‘lmagan qadam ekanligini aytdi. «Axir, bu Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumotlarini olish usullarini oshkor qilish xavfi bilan bog‘liq va razvedka faoliyati yoki inson manbalariga xavf tug‘dirishi mumkin», ammo konsert zalida terakt tayyorlanishi haqidagi ma’lumotlar Rossiyadagi amerikaliklarga ham potensial tahdidni anglatardi, deya tushuntirilgan maqolada. 

«Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terakt

Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» konsert zaliga hujum 22 mart kuni kechqurun «Piknik» guruhining chiqishi oldidan sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochdi, bir necha portlashlar eshitildi va yong‘in boshlandi. Konsertga tashrif buyurganlar jurnalistlarga evakuatsiya bilan bog‘liq qiyinchiliklar haqida gapirib berdi: trevoga haqida ovozli signal yoqilmagan, eskalatorlar odatdagidek ishlagan, ko‘p eshiklar yopiq bo‘lgan. Hujum qurbonlari soni 145 nafarni tashkil etdi, yana 551 kishi jarohat oldi.

Mavzuga oid