18 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Prezidentning Tojikistonga tashrifi, pasayayotgan ko‘chmas mulk bozori, Samarqandda cho‘kib ketgan go‘daklar, Qashqadaryoda avariya ishtirokchisiga aylangan YPX xodimi - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Prezidentning Tojikistonga tashrifi
Og‘abek Sobirov, Munojat Yo‘lchiyeva, Ozodbek Nazarbekov va Yulduz Usmonova «Tojikiston xalq hofizi» bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyevga «Tojikiston xalq artisti» faxriy unvoni topshirildi.
Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon farmoni bilan o‘zbekistonlik san’atkorlar faxriy unvonlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tojikistonlik madaniyat va san’at xodimlari ham taqdirlandi.
Dushanbe shahridagi Millat saroyida o‘zbekistonlik san’atkorlarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etib o‘tish kerak, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani imzoladi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat imzolangan.
Energiya resurslari islohoti
O‘zbekistonda yuridik shaxslar uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun 100 foiz oldindan to‘lov tizimi qaytariladi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirishi shart. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining energiya tariflari to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.
Ushbu tartib 2017 yilning iyulidan 2019 yilning fevraligacha amalda bo‘lgan, shundan so‘ng avans miqdori 50 foizgacha kamaytirilgan edi.
Kun raqami
Toshkent shahrida mart oyida ko‘chmas mulk bozori 20,7 foizga pasaydi
Fevral oyida ko‘chmas mulk bozorida faollik biroz o‘sishidan so‘ng, mart oyida sezilarli pasayish qayd etildi. Poytaxtning ijara bozoridagi faollik yanada kamaygan.
Hududlar bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi faollikning eng katta pasayishi Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 27 va 28 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 26 foizga qayd etildi.
Samolyotga ertaroq qayddan o‘tiladi
Uzbekistan Airways xalqaro aviaqatnovlarga ro‘yxatdan o‘tish vaqtini o‘zgartirdi: endi xalqaro aviaqatnovlarga ro‘yxatdan o‘tish vaqti parvozga 40 daqiqa emas, 1 soat qolganda tugatiladi.
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi yangi qoidaning joriy etilishiga sabab qilib, Toshkent xalqaro aeroportida aviaqatnovlar soni oshgani va yo‘lovchilar oqimi ko‘payganini keltirmoqda. Endi chetga uchayotganlar aeroportga ertaroq borishiga to‘g‘ri keladi.
Samarqandda yana bir festival
Shu yilning 13–14 may kunlari Samarqand shahridagi «Silk Road Samarkand» xalqaro sayyohlik majmuasida «Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv» mavzusida Osiyo Xotin-qizlari forumi o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan.
Deputat o‘zgarayotgan tariflar haqida
Deputat Bobur Bekmurodov energetika sohasida moliyaviy ochiqlikni ta’minlashga chaqirdi.
Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov o‘z Telegram-kanalida 1 maydan e’tiboran aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgarishi hamda ijtimoiy normalar kiritilishiga munosabat bildirdi.
Bekmurodov boylar o‘z xarajatlari uchun davlatdan dotatsiya olmasligi kerak, dedi. U tarif islohoti jarayonida tabiiy gaz yetib bormagan hududlardagi sharoitlarni hisobga olish, energetikaga ajratilayotgan mablag‘larning ochiqligini ta’minlashga chaqirdi.
Darg‘om kanalida nobud bo‘lgan go‘daklar
Samarqanddagi kanaldan ikki bolaning jasadi topildi. Ularning onasi ham qidirilmoqda
Samarqandlik 24 yoshli ayol ikki yosh bolasi bilan 15 aprel kuni yo‘qolgan. 16 aprel kuni Darg‘om kanalining Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan ayolning farzandlari — 4 yoshli qizaloq va 1 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topilgan.
Hozirda ayolni qidirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan 16 aprel kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
YPX xodimi «avariya» ishtirokchisi
Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati bo‘limi komandiri o‘rinbosari «Lacetti» avtomashinasida Yakkabog‘ tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir etgani ma’lum qilinmoqda. U fuqaroga tegishli Nexia-2 avtomashinasi bilan chorrahada to‘qnshaib ketgan.
11 aprel kuni sodir bo‘lgani aytilayotgan hodisada hech kim jarohatlanmagan. Holat yuzasidan prokuratura tekshiruv harakatlari olib bormoqda.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024