O‘zbekiston | 22:10 / 18.04.2024
17544
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ekskavator yordamida daraxt qo‘porganlarning shaxsi aniqlandi

Bosh prokuratura ulargan nisbatan «tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini» ma’lum qildi.

Foto: Bosh prokuratura

Toshkent shahri, Yunusobod tumani 8-mavzesida maxsus qurilish texnikasidan foydalanib, niqob taqqan holda aholi yashash hududida ko‘p yillik daraxtlarni qasddan nobud qilganlarning shaxsi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi. 

«Hozir huquqbuzarlarning shaxsi to‘liq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda. 

Bosh prokuratura xabarida ikki erkakning fotosuratlari keltirilgan, biroq, shaxsiga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, ularga nisbatan qanday protsessual chora-tadbir ko‘rilgani to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilmagan. 

«Nazorat tadbiri davomida daraxtlarni nobud qilgan shaxslar va hududda qurilish ishlari amalga oshirishni rejalashtirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda. 

Yunusobod tumanidagi hodisa 15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi yuz bergan edi. Ekologiya boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, niqob taqib olgan noma’lum fuqarolar 1 tup safora daraxtini davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida ildiz qismi bilan qo‘porib tashlagan.

 

Mavzuga oid