Jahon | 09:30 / 18.04.2024
2537
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyaning aralashuvi uchun sanksiyalar rejimini joriy etishi mumkin

Bryussel va Praga Yevroparlamentga bo‘lajak saylovlarga aralashgani uchun Rossiyaga qarshi YeIning alohida sanksiyalarini joriy etish tarafdori bo‘lib turibdi.

Foto: Yves Herman/Reuters

Belgiya va Chexiya bosh vazirlari Yevropa kengashi, Yevrokomissiya va Yevroparlament rahbarlariga Rossiya Yevropa Ittifoqining demokratik jarayonlariga aralashgani uchun unga qarshi alohida sanksiya rejimini o‘rnatishga chaqiriq bilan murojaat qildi. 17 aprel, chorshanba kuni Belgiya hukumati rahbari Aleksandr De Kro X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu maktub matnini e’lon qildi. «Endi Yevropa Ittifoqining Rossiya zararli faoliyatiga qarshi kurashishga qaratilgan cheklovchi choralari yangi rejimini o‘rnatish vaqti keldi», — deyiladi maktubda.

De Kroning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel va Pragada Moskva bo‘lajak Yevropa saylovlariga faol ta’sir o‘tkazish va yangi Yevropa parlamentida rossiyaparast pozitsiyani mustahkamlashga urinayotganini da’vo qilish uchun jiddiy asoslar bor. «Bunday urinishlarni qabul qilib bo‘lmaydi va biz demokratiyamizni himoya etish uchun hamma narsani qilishimiz kerak», dedi Belgiya bosh vaziri Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeIning navbatdan tashqari sammiti oldidan. 

Belgiyada rossiyaparast agentlar tarmog‘i aniqlandi

Maktubda Belgiya razvedkasi mamlakatda rossiyaparast razvedka tarmog‘ini aniqlaganiga ishora qilinadi. «Ushbu tarmoq faoliyati, xususan, Yevroparlamentda rossiyaparast siyosatchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Yevroparlamentga ko‘proq rossiyaparast nomzodlarning saylanishiga ko‘maklashish, shuningdek, ushbu tarmoq doirasida faoliyat yurituvchi shaxslarni deputatlar etib tayinlashga qaratilgan», deyiladi hujjatda. Shuningdek, ushbu xizmatlar uchun naqd pul o‘tkazish asosan Chexiyada amalga oshirilgani xabar qilingan. 

Bosh vazirlar Yevropa prokuraturasi va firibgarlikka qarshi Yevropa idorasining Rossiya aralashuvini jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli vakolatlarga egaligini tekshirishni taklif qildi. Aks holda, Bryussel va Praga mandatlarini kengaytirishni talab etmoqda. Shuningdek, ular ma’lumot almashinuvini faollashtirish uchun Yevropa adliya organining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni so‘radi. 

Bir necha kun oldin Belgiyada Rossiya aralashuviga urinish bo‘yicha jinoiy tergov boshlandi. Chexiya Putinga yaqin shaxs hisoblanuvchi Viktor Medvedchukka, Voice of Europe nashriga va uning xodimiga qarshi sanksiyalar kiritdi, endi Yevropa Ittifoqi darajasida ham shunga o‘xshash choralarni qo‘llashga harakat qilmoqda. 

Mavzuga oid