Toshkentda bolalar shifoxonasiga murojaatlar soni ortgani haqida xabarlar tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda yosh bolalar orasida tana harorati ko‘tarilib, tomoq og‘rig‘i ko‘paygani, natijada bolalar shifoxonasiga murojaatlar soni ortgani haqida video tarqaldi. Toshkent shahar SSBB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, videoda aytilgan tibbiyot muassasasi Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasi bo‘lib, mazkur markaz 425 o‘ringa mo‘ljallangan.
Muassasa kecha-yu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadigan ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi hisoblanib, bu yerda turli yo‘nalishdagi, ya’ni nevrologik, jarrohlik, antirobik, travmotologik, neonatologik, oftalmologik va somatik kasalliklar bilan murojaat qilgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga statsionar va ambulator tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Shifoxonaga bir sutkada o‘rtacha 300-350 nafar bemor murojaat qilib, ulardan 55-65 nafari statsionar yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yotqiziladi. Qolganlarga esa birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, yashash hududi bo‘yicha oilaviy shifokor nazoratiga yuboriladi.
Bugungi kunda ushbu tibbiyot muassasasi qabulxonasiga faqatgina tana harorati ko‘tarilishi yoki tomoq og‘rig‘i bilan emas, balki allergik toshmalar, ich ketishi, ko‘z va qorin og‘rig‘i, chaqaloqlarning qulog‘i og‘rishi, bezovtalik, appenditsit, disk churrasi kabi tashxislar bilan ham murojaat bo‘lmoqda.
Oilaviy poliklinikalar faoliyati ertalab soat 08:00 dan kechki 20:00 gacha davom etishi inobatga olinsa, tungi payt bemor bolalarga tibbiy yordam olish uchun asosan bolalar shifoxonasiga murojaat qilinadi. Natijada kechki vaqtda bemorlar soni birmuncha ortadi.
Bundan tashqari, poytaxtda respublika davolash muassasalaridan tashqari, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 5 ta klinik va 5 ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi tun-u kun faoliyat yuritmoqda.
Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda bolalar shifoxonasiga isitma va tomoq og‘rig‘i bo‘yicha murojaatlar soni ortgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
18:02
Lisenziyasiz faoliyat, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024