Jahon | 07:43 / 29.04.2024
1981
2 daqiqa o‘qiladi

Borrel: YeI Ukrainani urush oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydi

Ovro‘poliklar «Donbass uchun o‘lishga bormaydi», biroq Ukrainaga jangovar harakatlar tugamaguncha yordam beradi, dedi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari.

Foto: Sarah Meyssonnier / Reuters

Ukrainadagi urush boshidanoq Yevropa Ittifoqi mamlakatga o‘z yordamini va’da qilgan va uni harbiy harakatlar tugaguniga qadar davom ettirish niyatida. Bu haqda 28 aprel, yakshanba kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi sessiyasida so‘zga chiqqan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

Borrel urush boshlanishidan biroz avval, 2022 yil yanvarida Donbassga tashrif buyurgan va Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal bilan uchrashganini esladi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari unga rus qo‘shinlari hujumiga tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini aytgan va Yevropa Ittifoqi nima qilmoqchi ekanligini so‘ragan: Ukrainani taslim bo‘lishga chaqirish yoki zarur qurollarni yetkazib berishga yordam berish. Borrel o‘sha paytda bu savolga javob bera olmaganini tan oldi, biroq keyinroq, janglar boshlanganda, YeI Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. 

«Biz Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak. Ovro‘poliklar Donbass uchun o‘lmaydi, ammo biz ukrainaliklarga Donbass uchun o‘limni to‘xtatishga yordam bera olamiz», - dedi Borrel. Uning ta’kidlashicha, YeI urush boshlanganda Ukrainaga yordam taqdim etishga va’da bergan va u oxirigacha bo‘ladi, ammo «bu, afsuski, tez orada amalga oshmaydi».

Mavzuga oid