O‘zbekiston | 10:11 / 29.04.2024
4789
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari yig‘ildi

Qozog‘istonning ommabop "Infozakon" elektron nashri "Nukusda "Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari" yig‘ildi" sarlavhali maqolani tarqatdi.

Orol dengizi, Kemalar qabristoni Foto: Kun.uz

"Dunyo" xabariga ko‘ra, unda Nukus shahrida mintaqaning ekologik muammolarini hal etishga bag‘ishlangan "Orolbo‘yi yaxshi niyat elchilari" xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tgani ta’kidlangan.

"Konferensiya davomida ishtirokchilar Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar, Orol dengizi tubini o‘rmonlashtirishning o‘rni va ahamiyati, Amudaryoning quyi oqimidagi suv muammolari va ularni hal etish yo‘llari, Orolbo‘yining muhofaza etiladigan hududlarida barqaror turizmni rivojlantirish istiqbollari va boshqa mavzulardagi ma’ruzalar bilan tanishdi", — deyiladi maqolada.

Elektron nashr 2018–2023 yillarda Orol dengizi tubida 1 million 730 ming gektar hududda o‘rmon plantatsiyalari tashkil etilib, 17 ming kvadrat kilometr maydon ko‘kalamzorlashtirilganini ma’lum qilgan. 2024 yilda esa jami 150-200 ming gektar maydonda o‘rmonlar barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholanganini qayd etilgan.

"Bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish bilan bog‘liq global muammolar barqaror rivojlanishga e’tibor qaratish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi formatdagi mutaxassislar va ekspertlarni tayyorlash, shuningdek, muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda. 

"Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari" xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi esa aynan Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va barqaror rivojlanish sohasida milliy, mintaqaviy va xalqaro innovatsion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi", — deya O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov fikrlaridan iqtibos keltirgan "Infozakon".

Mavzuga oid