Kran - ikkinchi uyim: 44 yildan beri balandlikda ishlaydigan ayol
Farg‘ona shahrida yashovchi Muhtaram Meliboyeva 44 yildan beri kran boshqaradi. Korxonada erkaklar orasida ishlaydigan yagona ayolni barcha birdek hurmat qiladi. «61 yoshga kirdim, balandlikda ishlab rohatlanaman. Uyda bekor o‘tira olmayman, pensiyaga chiqsam-da, kran boshqaryapman», deydi u.
«Kran boshqarishimga ko‘pchilik ishonmaydi»
«Kran — ikkinchi uyim. Maza qilib, rohatlanib ishlayman. Kran boshqarib kam bo‘lmadim.
Kranchi bo‘lishimga turmush o‘rtog‘im ham, qaynonam ham qarshilik qilmagan, o‘zlari o‘qitgan. Mehnat qilsam yaxshi yuraman, nasib qilsa 70 yoshgacha ishlamoqchiman.
7 yil payvandchilik qildim, keyin kranchilikka o‘qib, ishlay boshladim. Birinchi marta balandlikka chiqqanimda qo‘rquv bo‘lgan, keyin esa ko‘nikib ketdim. Kran boshqaraman desam ko‘pchilik ishonmaydi, qiziqib yana so‘rashadi. Ularga bu haqda faxrlanib gapirib beraman. Mavsum paytida ikki smenada, buyurtma ozroq paytda 8-10 soat ishlayman. 5 mln so‘m oylik maosh, 1,6 mln so‘m pensiya olaman. Korxonamizga yuk mashinalarda kelgan haydovchilar ayol kranchi ekan, deb hayron bo‘lib qarashadi.
Hozir qaynonam 94 yoshda, duolarini olib yuribman. Bir o‘g‘il, bir qiz — ikki farzandim, nevaralarim bor, ularning baxtini ko‘rib yurish nasib qilsin.
Shuncha yildan beri erkaklar bilan ishlayman. Xarakterim ham o‘xshab ketadi, dangalchiman. Hammasi yaxshi, hech xafa qilishmaydi.
Baxt men uchun sog‘lik, xotirjamlik, oilamiz, yurtimiz tinch bo‘lishi. O‘zing sevgan kasbda ishlashing ham katta baxt. Yana qayta tanlov imkoni bo‘lsa kranchi bo‘lardim. Turmush o‘rtog‘im bilan birga Umra safariga borib keldik, yana bormoqchimiz», deydi Muhtaram Meliboyeva.
«Kranga chiqishdan qo‘rqaman»
«Turmush o‘rtog‘im Muhtaramxon balandlikdan qo‘rqmaydi, oddiy mashina minganday boshqaradi kranni.
80-yillardan beri shu sohada ishlaydi. Charchadim, ishdan keldim demaydi, uy ishlarini ham joyiga qo‘yadi. O‘tgan yili Umra safariga borib keldik. Nasib bo‘lsa, keyingi yil yana bormoqchimiz. Yerimiz bor ozroq, dehqonchilik qilamiz, chorvamiz bir nechta, shulardan foyda qilib, daromadiga yana bormoqchimiz.
Ayolim pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham ishlayapti, yoshlarga ustozlik qiladi. O‘zim ham qurilishda usta bo‘lib ishlaganman, lekin kranga chiqishdan qo‘rqaman. Yoshligidan o‘qib, qiziqib ishlagani uchun ruxsat berganmiz, ehtiyot bo‘ling, deb tayinlaymiz doim».
«Kran boshqarishga o‘zim ruxsat berganman»
«94 yoshdaman, 7 ta o‘g‘lim, 7 ta kelinim bor. Kranchi kelinimning onasi dugonam edi. Sovchilikka borib, kelin qilganman o‘zim. Ko‘p yillar xizmatimni qildi, hozir ham qilyapti, yaxshi yashadik.
Kranchilik ortidan ro‘zg‘orga foyda keltiradi. O‘zim rozi bo‘lganman kranchilik qilishiga, yo‘q desam ham bo‘lardi, lekin unday qilmadim, kelinimga ishlash uchun sharoit qilib berdim. Shunday kelinim borligidan faxrlanaman».
Sarvar Ziyoyev
Tavsiya etamiz
Boylar davrasi: dunyo milliarderlari Tramp inauguratsiyasida yig‘ildi
Jahon | 22:19 / 21.01.2025
Qo‘li kesilgan 2 oylik chaqaloq: uning yaqinlari shifokorlardan norozi
Jamiyat | 14:20 / 21.01.2025
100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
Iqtisodiyot | 11:05 / 21.01.2025
APLdagi ilk o‘zbek. Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Sport | 09:16 / 21.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namanganda texnika universiteti ochiladi
O‘zbekiston | 18:12
-
Qirg‘izistonda tirbandliklarga barham berish uchun poytaxtni ko‘chirish taklif qilindi
Jahon | 18:09
-
Tramp prezidentlikka kirishgan kuniyoq bir necha sudga berildi
Jahon | 18:05
-
Politico: YeI va Britaniya AQSh bilan savdo urushiga tayyorlanmoqda
Jahon | 17:59
Mavzuga oid
13:19 / 20.01.2025
Farg‘ona shahri markazida 11 tup daraxt ruxsatsiz kesib tashlandi
11:06 / 03.11.2024
Farg‘onada ariqdan erkak kishining jasadi topildi
18:05 / 25.10.2024
“Barchasi ota-onamning qo‘llovi tufayli”: Microsoft elchisiga aylangan o‘zbek qizi
17:48 / 12.08.2024