Farg‘ona shahrida yashovchi Muhtaram Meliboyeva 44 yildan beri kran boshqaradi. Korxonada erkaklar orasida ishlaydigan yagona ayolni barcha birdek hurmat qiladi. «61 yoshga kirdim, balandlikda ishlab rohatlanaman. Uyda bekor o‘tira olmayman, pensiyaga chiqsam-da, kran boshqaryapman», deydi u.
«Kran boshqarishimga ko‘pchilik ishonmaydi»
«Kran — ikkinchi uyim. Maza qilib, rohatlanib ishlayman. Kran boshqarib kam bo‘lmadim.
Kranchi bo‘lishimga turmush o‘rtog‘im ham, qaynonam ham qarshilik qilmagan, o‘zlari o‘qitgan. Mehnat qilsam yaxshi yuraman, nasib qilsa 70 yoshgacha ishlamoqchiman.

7 yil payvandchilik qildim, keyin kranchilikka o‘qib, ishlay boshladim. Birinchi marta balandlikka chiqqanimda qo‘rquv bo‘lgan, keyin esa ko‘nikib ketdim. Kran boshqaraman desam ko‘pchilik ishonmaydi, qiziqib yana so‘rashadi. Ularga bu haqda faxrlanib gapirib beraman. Mavsum paytida ikki smenada, buyurtma ozroq paytda 8-10 soat ishlayman. 5 mln so‘m oylik maosh, 1,6 mln so‘m pensiya olaman. Korxonamizga yuk mashinalarda kelgan haydovchilar ayol kranchi ekan, deb hayron bo‘lib qarashadi.
Hozir qaynonam 94 yoshda, duolarini olib yuribman. Bir o‘g‘il, bir qiz — ikki farzandim, nevaralarim bor, ularning baxtini ko‘rib yurish nasib qilsin.

Shuncha yildan beri erkaklar bilan ishlayman. Xarakterim ham o‘xshab ketadi, dangalchiman. Hammasi yaxshi, hech xafa qilishmaydi.
Baxt men uchun sog‘lik, xotirjamlik, oilamiz, yurtimiz tinch bo‘lishi. O‘zing sevgan kasbda ishlashing ham katta baxt. Yana qayta tanlov imkoni bo‘lsa kranchi bo‘lardim. Turmush o‘rtog‘im bilan birga Umra safariga borib keldik, yana bormoqchimiz», deydi Muhtaram Meliboyeva.
«Kranga chiqishdan qo‘rqaman»
«Turmush o‘rtog‘im Muhtaramxon balandlikdan qo‘rqmaydi, oddiy mashina minganday boshqaradi kranni.



















