O‘zbekiston | 11:33 / 06.05.2024
8499
3 daqiqa o‘qiladi

Ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilashga aniqlik kiritilmoqda

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilmoqda, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Foto: Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Qonun loyihasi bilan davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilish tartibi joriy etilgani tufayli mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish jarayonini takomillashtirish, ishga qabul qilish mezonlarini aniqlashtirish, ishsizlik nafaqalarini tayinlash va tugatish jarayonida amalda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, kasb-hunar ta’limiga davlat buyurtmalari turlarini topshirish muddatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish, davlat tomonidan kafolatlangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan aholi toifalarini aniqlashtirish kabi o‘zgartirishlarni kiritish ko‘zda tutilgan.

Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 38- va 55-moddalarida ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilmoqda, shuningdek, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Deputatlar subsidiyalar, ssudalar hamda ish beruvchi tomonidan xodimning kasbga tayyorlash yoki qayta tayyorlashdan o‘tgani, uning malakasi oshirilganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi o‘quv kursi yangilangandan so‘ng 5 ish kuni ichida mehnat organiga taqdim etilmagan holatda buning uchun sarflangan mablag‘ni qaytarish choralari ko‘rilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘radi.

Ushbu savollarga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimlari atroflicha javob berib, ilgari surilgan taklif va tavsiyalarni ikkinchi o‘qish jarayonida inobatga olinishini bildirdi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid