O‘zbekiston | 20:09 / 07.05.2024
12412
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaga boradi

O‘zbekiston prezidenti Moskvada Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 79 yilligiga bag‘ishlangan paradning faxriy mehmonlari qatorida bo‘ladi. Paradda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Kuba, Laos va Gvineya-Bisau davlatlari rahbarlari ham ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9 may kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi.

«Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan mamlakatimiz yetakchisi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida hamda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan paradda quyidagi davlatlar rahbarlari ham qatnashadi: Aleksandr Lukashenko (Belarus), Qosim-Jo‘mart To‘qayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Imomali Rahmon (Tojikiston), Serdar Berdimuhamedov (Turkmaniston), Migel Dias-Kanel Bermudes (Kuba), Tongloun Sisulit (Laos) va Umaru Sissoku Embalo (Gvineya-Bisau).

Prezidentlar Vladimir Putin bilan birga Noma’lum askar qabriga gul qo‘yish marosimida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid