Moliya bozorida monopol narxlar qanday aniqlanishi belgilandi
Vazirlar Mahkamasining “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish uchun oldindan rozilik olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etishda;
- shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan respublikada ro‘yxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25%dan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda;
- shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan MChJning yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning 1/3 qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda.
Iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lganda olinadi:
- agar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa;
- agar bitimlar ishtirokchilari aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa.
Oldindan rozilik olish uchun shaxs yoki shaxslar guruhi ariza bilan monopoliyaga qarshi kurashish organiga murojaat etishi lozim. Arizalar davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi. Tushumlarning 0,05 foizi, lekin BHMning 7 baravaridan kam bo‘lmagan va 1000 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda yig‘im undiriladi.
Hujjat bilan Xizmatlarning moliya bozorida monopol yuqori va monopol past narxlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Agar ish xizmatlari uning o‘rnini bosuvchi ish xizmatlari uchun belgilangan narxlarning o‘rtacha qiymatidan 10 foizdan ziyodga oshsa, monopol yuqori narx deb hisoblanadi.
Xizmatlarning monopol past narxi xizmat ko‘rsatish uchun zarur xarajatlar qiymatini qoplamaydigan va foyda olishni ko‘zda tutmaydigan narx hisoblanadi.
Monopol yuqori yoki monopol past narx aniqlanganda monopoliyaga qarshi kurashish organi ushbu holatlarni bartaraf etish haqida qaror qabul qiladi.
Mavzuga oid
13:10 / 02.11.2024
Oktyabrda 1 porsiya osh narxi qancha bo‘lgani aytildi
15:40 / 30.10.2024
Rossiyada mahsulotlar narxi 2025 yilda 20 foizga oshishi mumkin
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
19:03 / 15.10.2024