Iqtisodiyot | 10:52 / 08.05.2024
5567
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari ko‘paydi

Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 918 mln dollarga oshdi. Bunga oltin narxining keskin qimmatlashuvi bevosita ta’sir o‘tkazgan.

Foto: Alamy

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 may holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 35,1 mlrd dollarni tashkil qildi.

Aprel oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati 25,37 mlrd dollardan 26,53 mlrd dollargacha oshgan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi o‘zgarishsiz qolgan – 11,5 mln troya unsiya.

Shuningdek, xorijiy valuta zaxiralari qiymati 8,26 mlrd dollardan 8,02 mlrd dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari umumiy hisobda qariyb 918 mln dollarga ko‘paygan. 

Avvalroq, joriy yilning birinchi choragida oltin eksporti 10,5 foizga oshib, 2,66 mlrd dollarga yetgani xabar qilingandi. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil qilgan.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid