Jamiyat | 13:56 / 24.05.2024
10780
2 daqiqa o‘qiladi

Kegeylida 3 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 10 yilga qamaldi

Yo‘l-transport hodisasida yana 3 kishi og‘ir tan jarohatlari olgan.

Qoraqalpog‘istonda yo‘l-transport hodisasi sodir etib, uch kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 18 dekabr kuni “Kobalt” avtomobili haydovchisi mashinaga to‘rt nafar yo‘lovchini mindirib, Nukus-Kegeyli yo‘nalishida ketayotganida muzlama yo‘lda tez yurib, mashina boshqaruvini yo‘qotgan.

Shunda mashina yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan va Kegayli-Nukus yo‘nalishida kelayotgan boshqa bir “Kobalt” avtomobili bilan to‘qnashib ketgan.

Oqibatda boshqaruvni yo‘qotgan “Kobalt" haydovchisi va ikki erkak tan jarohatlari olgan. Shu mashinada bo‘lgan ikki ayol va bir erkak voqea joyida halok bo‘lgan.

Sud muzlama yo‘lda tez yurib boshqaruvni yo‘qotgan “Kobalt” haydovchisini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topgan.

U uch yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, aybdordan jabrlanuvchilar foydasiga jami 209 mln 905 ming so‘m undirish belgilangan.

Mavzuga oid