Jahon | 15:22 / 26.05.2024
5408
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS o‘rtasida muzokaralar tiklanadi

Qatar va Misr vositachiligida, AQShning faol ishtiroki asosidagi muzokaralar kelasi hafta tiklanishi kutilyapti. Mossad rahbari MRB boshlig‘i va Qatar bosh vaziri bilan uchrashuvdan keyin shunday qarorga kelgan.

Isroilning bosib olingan G‘arbiy sohilda joylashgan Jyenindagi lagerga reydidan keyin singan oynadan qarab turgan falastinlik ayol / Foto:  REUTERS / Raneen Sawafta / File Phot

G‘azo sektorida ushlab turilgan isroillik asirlarni ozod etish bo‘yicha Isroil va HAMAS o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar keyingi hafta qayta tiklanishi kutilyapti. Bu haqda nomi ochiqlanmagan rasmiy manbaga tayanib Reuters xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Isroil razvedkasi Mossad rahbari AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i va Qatar bosh vaziri bilan uchrashuvdan keyin muzokaralarga qaytishga qaror qilgan.

“Uchrashuv so‘ngida muzokaralarni vositachilar – Misr va Qatar tomonidan bildirilgan takliflar asosida, AQShning faol ishtiroki bilan kelgusi hafta boshlashga qaror qilindi”, – degan manba.

HAMASning 7 oktyabrda Isroilga hujumi davomida garovga olingan 120 dan ortiq asirlarni ozod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar otashkesim bo‘yicha muzokaralar doirasida kechmoqda va avvalgilari besamar yakunlangandi.

Ikkala tomon ham bir-birini muzokaralarni boshi berk ko‘chaga olib kirishda ayblagan. Isroil tomoni HAMASning urushni tugatish talabini qabul qila olmasligini aytgan bo‘lsa, falastinliklar hujumni to‘xtatish va Isroil tomonidan falastinlik mahbuslar ozod etilishini so‘ramoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid