12:12 / 27.05.2024
4238

Fon der Lyayyen YeIni ehtimoliy urushga tayyorlanishga chaqirdi

Yevropada tinchlikni saqlash uchun mudofaaga sarmoya kiritish kerak, dedi Yevrokomissiya rahbari. Uning fikricha, buning uchun Yevropa Ittifoqi budjet mablag‘laridan foydalanish kerak.

Foto: EP/Philippe BUISSIN

Yevropa Ittifoqi ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rishi va qo‘shma qurollanish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak, deb hisoblaydi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. «Tahdid qilayotganlar tinchlikni xohlamaydi, hamma narsani davom ettirishni istaydi», dedi u 26 may, yakshanba kuni Germaniyaning Deutschlandfunk radiosi orqali.

Mudofaa qobiliyatini mustahkamlash

Avvalroq Germaniya Mudofaa vazirligini boshqargan fon der Lyayyen mudofaa qobiliyatini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. «Agar biz qit’amizda tinchlikni saqlamoqchi bo‘lsak, mudofaaga sarmoya kiritishimiz kerak», dedi u. 

Shu bilan birga, Yevropa Xalq partiyasi (YeXP) nomzodi sifatida ikkinchi muddatga saylanish niyatida bo‘lgan Yevrokomissiya rahbari «gibrid hujumlar», jumladan yaqinda Estoniya bilan chegaradagi belgilar olib tashlangani, muhojirlardan Yevropa Ittifoqi bilan qarama-qarshilik vositasi sifatida foydalanish va ijtimoiy tarmoqlar yordamida yevropaliklarni bo‘lishga urinishlarga ishora qildi. 

Yevropada ish o‘rinlarini yaratish masalasi

Fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash zarurligi haqida gapirar ekan, bu jarayonning Yevropa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sirini ham qayd etdi. Misol tariqasida u Polsha va Gretsiyaning birgalikda havo mudofaa tizimini yaratish taklifini keltirdi. «Biz sarmoya kiritgan milliardlab mablag‘lar Yevropada yaxshi ish o‘rinlarini yaratishi muhim», - deya tushuntirdi u. 

Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish YeIga a’zo davlatlar badallaridan tushadigan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak.

Yevropa Ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvlar umumiy mudofaa siyosatini nazarda tutadi, ammo harbiy va mudofaa maqsadlari uchun operatsion xarajatlarni Yevropa Ittifoqi budjetidan moliyalashtirishni hisobga olmagan. 

Top