Jahon | 13:12 / 29.05.2024
9971
4 daqiqa o‘qiladi

FT: G‘arb firmalari Rossiyani tark etish rejalaridan voz kechmoqda

Financial Times nashrining yozishicha, Ukrainaga hujumdan keyin Rossiya Federatsiyasini tark etishini e’lon qilgan ko‘plab xorijiy kompaniyalar biznesni sotish bilan bog‘liq byurokratik muammolar tufayli qolishga qaror qilishgan.

Foto: Filippov Aleksey/TASS

Ukrainaga keng miqyosda hujum boshlanganidan keyin Rossiyadan chiqib ketishlarini e’lon qilgan g‘arb kompaniyalari yuzaga kelgan muammolar tufayli o‘z rejalarini o‘zgartirmoqda, deb yozadi Financial Times (FT). Avon Producs, Air Liquide and Reckitt va boshqa firmalar Rossiyada biznesni sotishdagi byurokratik to‘siqlar, shuningdek, ushbu mamlakatda iste’mol faolligi tiklangani sababli qolmoqda, deb yozadi gazeta 28 may, seshanba kuni. 

G‘arb firmalari aktivlarini 90 foiz chegirma bilan sotishni xohlamayapti

«Ko‘plab Yevropa kompaniyalari arosatda qolmoqda», deya Rossiyada G‘arb kompaniyalari bilan ishlaydigan suhbatdoshining so‘zlaridan iqtibos keltiradi FT. Xorijiy firmalar Rossiya korxonalarini sotish niyatini e’lon qilgandan so‘ng, «ular uchun nomaqbul bo‘lgan xaridorlarni tanlash imkoniyati berildi», dedi u. Gazetaning manbasiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketish kompaniyalarni aktivlarini zudlik bilan noqulay narxlarda - 90 foizgacha chegirma bilan sotishni o‘z ichiga oladi. 

Nashr shuningdek, Kiyev Iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga tayangan. Unga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin Rossiyada 2100 dan ortiq transmilliy korporatsiyalar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, 1600 ga yaqin xalqaro kompaniya Rossiya bozorini tark etgan yoki Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini cheklagan. 

Rossiya G‘arb kompaniyalari uchun bozorni tark etish narxini oshirdi 

2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan so‘ng, ko‘plab xorijiy kompaniyalar G‘arbning keng ko‘lamli sanksiyalari fonida Rossiya Federatsiyasidagi ishtirokini qisqartirishga va’da berishdi. Biroq Rossiya rasmiylari «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar» aktivlariga majburiy 50 foizlik chegirma va kamida 15 foizlik «chiqib ketish solig‘i»ni joriy etish orqali firmalarni tark etish narxini bosqichma-bosqich oshirdi, deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, jurnalistlar ta’kidlaganidek, G‘arb firmalari uchun ham, Rossiya rasmiylari uchun ham maqbul bo‘lgan va bitimlari G‘arb sanksiyalariga zid bo‘lmagan mahalliy xaridorlarni topish tobora qiyinlashib bormoqda. 

FT’ning yana bir suhbatdoshi Rossiya Federatsiyasida qolgan xorijiy kompaniyalar 30 yil davomida muhim ishlab chiqarish bazasini yaratganliklari va uni hech narsaga sotishni istamasliklari sababli bunday qadamning zarurati haqida hayratda ekanini ta’kidladi. 

Rossiya rasmiylari aralashgan bitimga misol sifatida nashr Niderlandiyaning Heineken kompaniyasi aktivlari bilan bog‘liq vaziyatni keltiradi. Rossiya tomoni savdoni muvofiqlashtirishdan bosh tortdi va aktivlarni «Dixlofos» repellentlari, «Prelest» soch laklari va havo spreyi ishlab chiqaradigan Rossiyaning Arnest Group shirkatiga topshirdi. 

Aprel oyida Hugo Boss kompaniyasining Rossiya aktivlarini sotish bo‘yicha kelishuvi, shuningdek, Fransiyaning Auchan kompaniyasi shu’ba korxonasi uchun shunga o‘xshash bitim haqida xabar berilgan edi. Mart oyida g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisi Wienerberger Rossiya Federatsiyasidagi zavodlarini sotib yubordi. 

Mavzuga oid