13:25 / 12.06.2024
1953

AQSh va Polsha Rossiyaning dezinformatsiyasiga qarshi kurash markazini ochdi

Ukraina aloqa guruhiga 12 davlat vakillari kiradi. Ular butun dunyo bo‘ylab Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirishga qaratilgan Rossiyaning dezinformatsiyasiga qarshi kurashadi.

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlar va Polsha Varshavada Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashish xalqaro markazini ochdi. Bu haqda 10 iyun, dushanba kuni AP agentligi yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurash uchun mas’ul bo‘lgan amerikalik diplomat Jyeyms Rubin va uning polshalik hamkasbi Tomash Xlonga tayanib yozdi.

Markazning rasmiy nomi - Ukraina aloqa guruhi. AP nashrining yozishicha, uning tarkibiga 12 davlat vakillari kiradi. Jumladan, Germaniya, Kanada, Fransiya, Finlandiya, Italiya va Ukrainaning o‘zi. Guruhning asosiy vazifasi butun dunyo bo‘ylab Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirishga qaratilgan Rossiya dezinformatsion kampaniyalarini aniqlash va ularga qarshi kurashishdan iborat bo‘ladi. 

Rossiya YeIda asosiy dezinformator sifatida ko‘rilyapti

Oxirgi to‘qqiz yil ichida Yevropa Ittifoqi kamida 17 mingta kremlparast dezinformatsiya holatini aniqladi. Ularning aksariyati Ukrainaga qarshi qaratilgan, deya ma’lum qildi Bryussel DW’ga. YeI rasmiylari may oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilganidek, Rossiya Federatsiyasi Yevropa Ittifoqidagi eng yirik dezinformatsiya tarqatuvchi sifatida ko‘riladi.

Xususan, birgina 2024 yilning o‘zida YeI tashqi siyosat xizmati kremlparast dezinformatsiyaning 1500 dan ortiq holatini qayd etdi, dedi Yevropa rasmiylaridan biri DW nashriga. Shu bilan birga, ekspertlar Bryussel tadqiqotining maqsadi dezinformatsiya holatlari maksimal sonini aniqlash emas, balki ishtirokchilarni, ular yondashuvlari va usullarini tahlil qilish, shuningdek, ular ortida turgan tizimlar va tarmoqlarni aniqlash ekanligini tushuntirdi. Shu tariqa, feyklarning haqiqiy soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. 

YeIda Rossiyaga aloqador bir qancha OAV taqiqlandi 

17 may kuni YeI kengashi Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan to‘rtta OAV translatsiyasini taqiqladi, ular, organga ko‘ra, «Rossiya propagandasini tarqaadi va Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlaydi». Taqiq RIA «Novosti», «Izvestiya», «Rossiyskaya gazeta» hamda Chexiyada joylashgan va Viktor Medvedchuk bilan aloqador Voice of Europe internet-portaliga tegishli. Bu OAVning barchasi Rossiya Federatsiyasi rahbariyati bevosita yoki bilvosita doimiy nazorati ostida ekanligi ta’kidlandi. 

YeI kengashi aniqlik kiritishicha, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar cheklovga tushgan ommaviy axborot vositalari va ular xodimlarining YeIda translatsiyadan boshqa har qanday faoliyatni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmaydi. Rossiya TIV Bryusselga «javob choralari» bilan tahdid qildi. 

Mavzuga oid
Top