13:21 / 22.06.2024
4878

Ukraina va Moldova isroilliklar uchun vizasiz rejimni bekor qilishi mumkin

Isroilning elektron ruxsatnoma tizimini joriy etishi Kiyev va Kishinyov noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular javob cheklovlarini kiritish bilan tahdid qildi.

Foto: AP

Ukraina va Moldova Isroilning yangi talablariga javoban isroilliklarning vizasiz kirishini cheklashni ko‘rib chiqmoqda. Isroilga sayohat qilish uchun endi elektron ruxsatnomalar (ETA-IL tizimi) kerak bo‘ladi. Kishinyov va Kiyevga ko‘ra, Isroil rasmiylarining bu qadami aslida ular mamlakatlari o‘rtasida amaldagi vizasiz rejimni bekor qiladi. Moldovaning Isroildagi elchisi Aleksandr Roytman 21 iyun, juma kuni ma’lum qilishicha, kirish qoidalaridagi o‘zgarishlar tufayli uning mamlakati simmetrik qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ladi.

«Fuqarolarining huquqlarini himoya qilish uchun Moldova Respublikasi Isroil fuqarolari uchun ham xuddi shunday oldindan tasdiqlash tizimini joriy etishga majburdir», dedi Roytman Moldova elchixonasining Facebook sahifasida e’lon qilingan bayonotda. Diplomat ta’kidlashicha, Kishinyovning javob choralari har yili Moldova hududi orqali Ukrainaga borib, Umanga yo‘l oladigan «minglab ziyoratchilarga ham ta’sir qiladi».

20 iyun kuni Ukrainaning Isroildagi elchixonasi ham xuddi shunday bayonot berib, ikki davlat o‘rtasida 2010 yildan beri vizasiz rejim amal qilib kelayotgani va o‘shandan beri ular yaqin aloqalarni saqlayotganini eslatib o‘tdi. «Ammo, Isroilning so‘nggi harakatlari, masalan, ukrainalik qochqinlarga kirishni cheklash va ko‘plab ukrainaliklarga kirishni taqiqlash, bu munosabatlarni keskinlashtirdi. Oxirgi talab vizasiz rejimni amalda tugatadi. Bunga javoban Ukraina Isroil uchun ham xuddi shunday oldindan tasdiqlash talablarini joriy qiladi», deyiladi diplomatik missiya xabarida.

Qayd etilishicha, qaror Ukrainaga har yili tashrif buyuradigan minglab ziyoratchilarga taalluqlidir. Kiyev Isroil tomonidan joriy etilgan cheklovni hamon o‘rganmoqda va bu borada «muloqot uchun ochiq».

Isroilga kirish uchun yangi qoidalar

Aprel oyida Isroil hukumati Isroil bilan vizasiz rejimga ega bo‘lgan mamlakatlardan kelgan sayohatchilar uchun ETA-IL elektron sayohat ruxsatnomasi tizimi joriy etilishini e’lon qildi. Tizim shuni anglatadiki, endilikda ushbu mamlakatlardan kelgan sayyohlar mamlakatda 90 kungacha qolish uchun oldindan ruxsat so‘rashlari kerak bo‘ladi. Ruxsatni standart hujjatlar to‘plami bilan onlayn ariza topshirish orqali mamlakatga jo‘nab ketishdan oldin olish lozim. Arizani ko‘rib chiqish 48 soatgacha davom etadi. Chop etilgan ruxsatnoma bilan sayyohlar chegara xizmatining shaxsiy nazoratini chetlab o‘tib, Isroil chegarasida elektron terminallardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top