O‘zbekiston | 12:44 / 26.06.2024
1770
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dorilar Kuvaytga eksport qilinishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Ayub Yunusov Kuvayt Farmatsevtika importyorlari va dorixonalar uyushmasi boshqaruv kengashi raisi, Al Mojil Drug Company kompaniyasi bosh direktori Faysal al-Mojil bilan uchrashuv o‘tkazdi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tibbiy buyumlar va dori vositalarining Kuvaytga eksportini tashkil qilish imkoniyatlari xususida fikr almashdilar. Kuvayt vakiliga Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan namunalar taqdim etildi.

Taqdim etilgan loyihalar bo‘yicha fikr almashish maqsadida Kuvayt Farmatsevtika importyorlari va dorixonalari uyushmasi va O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etish taklifi ham berildi.

Faysal al-Mojil O‘zbekistonga 1999 yil borganini, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilganini ma’lum qildi. "Biz o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonning mutasaddi vazirlik va kompaniyalari bilan muzokara o‘tkazishga tayyormiz", - dedi u.

Mavzuga oid