Gazeta: IKEA konserni Ukrainaga qaytyapti
Dunyoga mashhur shved riteyleri Ukrainaga qaytish niyatida, hozirda texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, deb xabar berdi «Ekonomicheskaya pravda» gazetasi o‘z manbalariga tayanib.
Mashhur shved riteyleri - mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqaruvchi IKEA kompaniyasi Ukrainaga qaytadi. Bu haqda 27 iyun, payshanba kuni Ukrainaning «Ekonomicheskaya pravda» gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. «Texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, Ukrainada IKEA ishining boshlanish sanasi hali noma’lum», dedi suhbatdoshlardan biri.
Joriy yilning aprel oyida nashr IKEA o‘sha paytda Ukraina bozoriga qaytish mavzusini muhokama qilishga tayyor emasligi va mavjud vaziyatning potensial operatsion faoliyatga ta’sirini o‘rganayotgani haqida yozgan edi.
IKEA urush boshlanganidan beri Ukrainada ishlamayapti
IKEA Rossiya Ukrainaga hujum qilganidan keyin birinchi kuni o‘zining Ukrainadagi barcha oltita zavodida sotish va ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Riteyler Ukraina yog‘ochidan foydalanishdan ham bosh tortdi. Ukraina matbuotiga ko‘ra, kompaniya bu qarorini 24 fevraldan keyin «yog‘ochning qonuniyligini tekshirish imkoni yo‘qligi» bilan izohlagan.
«Forbs» jurnali Ukraina versiyasining 2022 yil sentabridagi ma’lumotiga ko‘ra, riteyler Ukrainadagi faoliyatini «imkon qadar tezroq» tiklashga intilmoqda va o‘z mahsulotlarini yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
IKEA 15 yildan beri Ukraina bozoriga kirishga harakat qilgan, ammo faqat 2020 yilda u onlayn savdoni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi va 2021 yilda Kiyevda o‘zining birinchi do‘konini ochdi.
IKEA ikki yil oldin Rossiyani butunlay tark etdi
2022 yil iyun oyida IKEA Rossiya bozorini tark etish qarorini yetkazib berishdagi murakkab vaziyat bilan izohladi. «Afsuski, vaziyat yaxshilangani yo‘q va halokatli urush davom etmoqda. Oxirgi bir necha oy ichida butun dunyo bo‘ylab biznes jarayonlari va ta’minot zanjirlari bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi. Shu sababli biz faoliyatni qayta tiklash imkoniyatini ko‘rmayapmiz», - deya ma’lum qildi o‘shanda Rossiyadagi barcha IKEA do‘konlariga egalik qiluvchi Ingka Group.
Rossiyadagi IKEA xodimlaridan avgust oyi oxirigacha maoshlarini saqlab qolgan holda tomonlar kelishuviga ko‘ra ishdan bo‘shash so‘ralgan va Shvetsiya kompaniyasining zavodlari sotilishi xabar qilingan edi. Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, IKEA rahbariyati Rossiya bozorini tark etish qarorini kompaniyaning butun tarixidagi eng qiyinlaridan biri deb atadi, ammo «Rossiyaga qaytishga umid qilmoqda, biroq bu qachon amalga oshishi aniq emas».
IKEA Rossiyada birinchi do‘konini 2000 yilda ochgan. 2022 yilda Rossiyada IKEA brendi ostida 17 ta do‘kon va sakkizta studiya ishlagan, kompaniya xodimlari deyarli 15 ming kishini tashkil etgan. O‘sha yilning mart oyi boshida IKEA Ukrainadagi urush sharoitida Rossiya va Belarusda ishni to‘xtatganini e’lon qildi. Rossiya tarmog‘i do‘konlari, onlayn-do‘konlari va IKEA studiyalarida 4 martdan sotuvlar to‘xtatildi.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024