Isroil – “Hizbulloh”: katta urush ehtimoli ortmoqda
G‘azodagi harbiy harakatlar sur’ati pasaygan bir paytda, e’tibor endi Isroil–Livan chegarasiga qaratilmoqda. Bir qancha davlatlar allaqachon o‘z fuqarolarini Livanga bormaslik yoki mamlakatni tark etishga chaqirgan. Eronning BMTdagi vakili esa agar Isroil Livanga hujum qilsa, halokatli urush boshlanishidan ogohlantirdi.
“Geosiyosat”da siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev G‘azo atrofidagi so‘nggi eng muhim voqeliklarni tahlil qildi.
— Netanyahu HAMASga qarshi urush olib borishning faol bosqichi ortda qolganini e’lon qildi. Bu nimani anglatadi?
Bektosh Berdiyev: — G‘azodagi vaziyat Isroil uchun muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi, chunki asosiy maqsad asirdagilarni ozod qilish edi, lekin hali ham 120 dan ortiq odam asirlikda turibdi. Ba’zi manbalar ularning aksariyati halok bo‘lganini aytdi. Shu sabab Isroil ham birinchi maqsaddan chekindi, rostdan ham endi qolgan asirlarni tirik ozod qilish imkoni yo‘qqa o‘xshamoqda.
Bundan tashqari, G‘azoda Isroil vayron qiladigan hududning o‘zi qolmadi hisob. Uchinchidan esa HAMASni yo‘q qilib bo‘lmaydi, uni yo‘q qilish uchun butun g‘azoliklarni yo‘q qilish kerak, bunga xalqaro hamjamiyat yo‘l qo‘ymaydi.
HAMAS o‘zining jangovar qobiliyatini yo‘qotdi, faqat kam sonli vakillari partizanlik urushini olib boryapti. Isroil katta mablag‘ ham sarflayapti urush kampaniyasiga. Isroil armiyasining 4 ta diviziyasi G‘azoda bo‘lgani sabab, boshqa tomonlarda muammolar bo‘lyapti, endi Livan tomonga yo‘naltiryapti harbiylarni. Shu sabablardan G‘azodagi urush susaydi.
Endigi masala G‘azoni bundan keyin nima qilish bo‘ladi. Lekin aniq rejalari yo‘q bu bo‘yicha. AQShning rejalari ma’qul kelyapti, lekin ikki tomonni murosaga olib kelish qiyin bo‘lyapti.
— Baydenning tinchlik rejasi nima bo‘ldi, bu masala qanday bosqichda?
Kamoliddin Rabbimov: — Bugun AQSh ichki muammolar bilan band, saylovoldi debatlar boshlandi. Yaqin Sharqqa e’tibor pasaydi, bu esa Netanyahu uchun qulay vaziyat. Bayden rejasiga Isroil bosqichma-bosqich rozi bo‘lyapti, Netanyahu va mudofaa vaziri bir-ikki haftada G‘azodagi faol urush to‘xtatiladi, dedi. Lekin HAMASning yerosti tunnellarini qidirish davom etadi, HAMASning G‘azodagi rahbari ham topilgani yo‘q, izlashyapti.
Umuman, HAMASga jiddiy zarar yetkazdi Isroil. Isroil hukumati xalqni maqsadlariga yetganiga ishontirish uchun HAMAS endi o‘ziga kelolmaydi deb propaganda qilyapti. Lekin bunday emas, Falastin davlati tuzilmagunicha HAMAS o‘lmaydi. Isroil urushdan keyin G‘azoni qanday tartibga solib, u yerdagi hayotni qanday izga tushirishi noma’lum, lekin bunga juda katta mablag‘, rejalar kerak bo‘ladi.
Baydenning rejasi o‘z kuchida, lekin HAMAS Misr va Qatar vositachiligida rejaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilyapti. Isroil ichida Netanyahuga bosim katta, u asosiy maqsad bo‘lmish asirlarni ozod qilishga erisholmadi. Endi Livan bilan chegaraga e’tibor qaratilyapti. Isroil biz qudratli davlatmiz, aslida biz “Hizbulloh”ga tahdid qilyapmiz, degan yondashuvda. Eronning BMTdagi vakili Isroil Livanga bostirib kirsa, Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga aralashib, Isroilni yo‘q qilishga kirishishini bildirdi. Shundan so‘ng Netanyahu hukumati yopiq muhokamalar qildi va biz diplomatiyani ma’qul ko‘ramiz, lekin vaziyat taqozo qilsa urushdan qochmaymiz, deb biroz yumshadi.
— “Hizbulloh”ni qaysi islomiy guruhlar faqat ritorikada emas, amalda ham qo‘llaydi?
Bektosh Berdiyev: — Oldin bir masalaga to‘xtalish kerak. “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi muammolar ular o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘qligida deyilmoqda, muloqot Fransiya yoki AQSh orqali bo‘ladi odatda. Isroil odatda bunday guruhlar bilan kelishishga, o‘ziga og‘dirishga harakat qiladi, lekin bu yerda u narsa bo‘lmayapti.
“Hizbulloh” bugun katta kuchga aylangan, mafkurasi ham kuchayib boryapti. Eronda va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan yoki shularga andoza bo‘lgan zamonaviy qurollari bor, Isroilning “Temir gumbaz”ini ham yorib o‘ta olyapti. To‘g‘ri, Isroilning harbiy salohiyati “Hizbulloh”dan ancha kuchli, uni yenga oladi, lekin shu urush davomida uning o‘zi ham katta zarar ko‘radi. Isroil Livanga bostirib kirsa va “Hizbulloh” ham keng ko‘lamli raketa zarbalari bersa, Isroilda ham infratuzilmalar vayron bo‘lib, tinch aholi qurbon bo‘lishi mumkin.
Qo‘llovchilarga kelsak, “Hizbulloh”ni qo‘llovchi yana bir shia tashkiloti — “Ansorulloh”. Bu tashkilot “Hizbulloh”ni keng qo‘llayapti qurol-yarog‘ masalalarida, kerak bo‘lsa jangarilar bilan ta’minlashi mumkin. Husiylar ham bor, ular ham shia guruhi sifatida “Hizbulloh”ni qo‘llaydi. Iroqdagi shia guruhlari ham “Hizbulloh”ni qo‘llaydi, Bahrayndagi shialar moliyaviy qo‘llayapti. Shu ma’noda “Hizbulloh” yakkalanib qolmaydi urush bo‘lsa. Faqat shialar emas, sunniylar ham “Hizbulloh”ga xayrixohlik bildiryapti, umumiy islom motivida birlashish bo‘lyapti. Isroil o‘zi mana shu shialar va sunniylar birlashuvidan qo‘rqadi. Isroil va G‘arb doim shia va sunniylarni bir-biriga qarshi qilishga urinib kelgan.
Kamoliddin Rabbimov: — Pokistonning uchdan bir aholisi – shialar. U yerdagi shia imomlari agar Isroil bilan “Hizbulloh” urushsa, biz ham borishga tayyormiz, degan bayonotlar bilan chiqdi. “Hizbulloh” – katta kuch. Shu paytgacha “Hizbulloh”dan 2-3 barobar kichik bo‘lgan HAMAS Isroilni harbiy, ma’naviy holsizlantirdi. Kollektiv G‘arbda, AQShda ham ijtimoiy tafakkur Isroilga qarshi bo‘lib qoldi. Bugun AQShdagi talabalar Isroilni qabul qilmaydi, yosh avlodda Isroilga nisbatan salbiy munosabat bor. Ma’lum yil o‘tgach, shu yoshlar hokimiyatga keladi, asosiy qatlam bo‘ladi, shunda AQSh va Isroil munosabatlariga ta’sir qiladi bu.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Hizbulloh” jangarilari soni 130-150 mingta, bu o‘rtacha davlatning armiyasiga teng. “Hizbulloh” bu faqat jangarilar emas, ular ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanadi, halok bo‘lgan jangarilari oilasiga qaraydi, tabiiyki ular keyingi avlod jangchilari bo‘lib shakllanadi. “Hizbulloh”ning 1 yillik budjeti taxminan 700 mln dollar, katta mablag‘ bu. Shialar kollektiv G‘arb, AQSh, Isroil bilan kurashishda kuch ishlatishga moyil, sunniy davlatlar esa pragmatik yo‘l tutadi. Shu narsa Yaqin Sharqdagi ijtimoiy tafakkurda shialarni yoqlash, tushunish ortib borayotganini sharhlaydi.
— Kiprning geostrategik faktori Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroda qanchalik muhim rol o‘ynaydi?
Bektosh Berdiyev: — Kipr – musulmon dunyosiga yaqin, ularning ichida qolib ketgan bir orol, u yerda ko‘proq yunonlar yashagan. Usmonlilar imperiyasidan keyin mustaqil davlat bo‘lgan. U yerda turklar ham yashaydi, ular o‘z davlatini – Shimoliy Kipr Turk Respublikasini e’lon qilgan, buni faqat Turkiya tan olgan. G‘arb davlatlari Kiprni Turkiya ta’siridan chiqarishni o‘ylaydi, lekin NATOdagi hamkori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashishni istamaydi, shu sabab ko‘proq siyosiy jihatdan qo‘llaydi. Bugun Kiprning Turkiyaga tegishli bo‘lmagan qismi Isroil bilan yaxshi aloqalarga ega, bu hamkorlik AQSh tomonidan qo‘llanadi. Chunki Kipr va Isroil o‘rtasidagi dengiz hududlarida katta gaz konlari bor.
Kipr AQShga geosiyosiy jihatdan bir nechta masalada kerak. Birinchidan, agar qachondir Turkiya va Isroil to‘qnashuvi bo‘lsa, Isroilni qo‘llash uchun AQShning harbiy samolyotlari joylashadigan joy bo‘ladi, hozir u yerda umumiy NATO bazalari bor. Ikkinchidan, “Hizbulloh”ga zarba berish uchun AQShga bir maydon bu yer. Shu sabab AQSh Fors ko‘rfazidan ko‘ra O‘rtayer dengizi bilan bog‘liq hududlarni nazorat qilmoqchi. “Hizbulloh” va Isroil urushsa va Isroilga yordam berishga to‘g‘ri kelsa, eng qulay nuqta Kipr bo‘ladi.
— Livan chegarasidagi hozirgi keskinlik nuqtai nazaridan, Eron prezidentlik saylovi arafasida urush boshlanish ehtimolini qanday baholash mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu yerda 2 ta nuqta bor. Eronda saylovlar ikkinchi turga o‘tdi, bu narsa birinchi marta bo‘lyapti Eron tarixida, shu paytgacha ikkinchi turga ehtiyoj bo‘lmagan saylovlarda.
Hozir sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Pezeshkiyon birinchi o‘rinda ketyapti. U ancha liberal shaxs, hijob, boshqa diniy ishlar bo‘yicha individual masala, degan pozitsiyada. Saylovlar bo‘yicha asosiy nazoratchi bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qanday qilib bunday nomzodni o‘tkazib yuborgani qiziq. Ikkinchi nomzod esa Jaliliy, u klassik konservator. Jaliliy hokimiyatga kelsa, Eronning Yaqin Sharq bo‘yicha pozitsiyalari o‘zgarmaydi. Lekin Pezeshkiyon kelsa, o‘zgarish bo‘ladi, imom bilan prezident o‘rtasida tafovut bo‘ladi qarashlarda. Pezeshkiyon AQSh va G‘arb bilan yarashish kerakligini aytyapti.
Isroil hokimiyati biz Livan va “Hizbulloh” bilan bog‘liq masalada diplomatiya tarafdorimiz, deyapti, ya’ni urushga shoshilmayapti. Saylov o‘tguncha urush boshlanib ketishi ehtimoli yuqori emas deb o‘ylayman. Agar urush boshlansa, Pezeshkiyon hokimiyatga kelsa ham, Eron urushdan to‘liq chetda qolmaydi. Shia jamiyati, shia pozitsiyasi rol o‘ynaydi baribir. Shuning uchun saylovlar natijasi Yaqin Sharqdagi ohangga jiddiy ta’sir qiladi: konservatorlar kelsa, Eron pozitsiyasi o‘zgarmaydi, Pezeshkiyon kelsa, Eron tashqi siyosati ozmi-ko‘pmi ko‘rib chiqiladi. Tashqi siyosat va xavfsizlik masalasi imom qo‘lida bo‘lsa ham, unga axborot yetkazish, ta’sir qilish imkoni bor prezidentda.
Bektosh Berdiyev: — Saylov natijalari qanday bo‘lsa ham, Eron bu jarayonlardan chetda qolmaydi, u maydonga kirib bo‘lgan, chunki shia dunyosida Eron ustun hisoblanadi. Shia dunyosining yetakchisi bo‘lgan Eron bu konfliktda o‘zini ko‘rsatishga majbur bo‘ladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024