Jahon | 12:29 / 20.07.2024
3606
3 daqiqa o‘qiladi

"Nornikel" sanksiyalar tufayli ishlab chiqarishni Xitoyga ko‘chiradi

Xitoy banklari AQShning ikkilamchi sanksiyalari tahdidi tufayli "Norilskiy nikel"dan to‘lovlarni bloklamoqda. Uning rahbari Vladimir Potanin aytishicha, kompaniya mis eritish zavodini Norilskdan Xitoyga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.

Foto: Sergei Karpukhin/TASS/dpa/picture alliance

Rossiyaning "Norilskiy nikel" kompaniyasi Xitoyda ishlab chiqarishni ochish niyatida. Bunga Xitoy banklari Amerikaning ikkilamchi sanksiyalaridan xavotirlanib, to‘lovlarni to‘sib qo‘ygani sababli Xitoyga metallarni eksport qila olmaslik sabab bo‘lmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi 18 iyun, payshanba kuni ikki manbaga tayanib.

Nashrning yozishicha, "Nornikel" akkumulyator ishlab chiqaruvchi CNGR Advanced Material va Brunp Recycling kompaniyalari bilan Rossiyadan yarim tayyor mahsulot yetkazib beriladigan nikel zavodi qurish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Korxona zavodga yiliga 50 ming tonna metall yetkazib berishga tayyor, bu 2023 yilda korxonada ishlab chiqarilgan nikel umumiy hajmining deyarli 25 foizini tashkil etadi.

"Nornikel" rahbari Vladimir Potanin aprel oyida kompaniya mis eritish zavodini Norilskdan Xitoyga ko‘chirishni rejalashtirayotganini aytdi, chunki G‘arb sanksiyalari tufayli korxonani modernizatsiya qilish uchun Rossiyaga uskunalar yetkazib berishning iloji yo‘q.

Ikkilamchi sanksiyalar tahdidi

Bir qator metallar, shu jumladan nikel va platina guruhidagi metallar bo‘yicha dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi "Nornikel" AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lmagan, biroq Ukrainaga qurolli hujum sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilgandan so‘ng kompaniya ta’minotni qayta yo‘naltirishga majbur bo‘ldi. Uning eng yirik eksport bozori Xitoy bo‘lib, hozirda sotuv hajmi yarmidan ko‘pi uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Biroq so‘nggi paytlarda Xitoy bilan savdoda muammolar yuzaga keldi. AQSh dekabr oyida Rossiya harbiy-sanoat kompleksi ishini osonlashtiradigan moliya institutlariga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etishga tayyorligini e’lon qilganidan keyin Xitoy banklari Rossiya to‘lovlarini qayta ishlashni kuchaytirdi. Iyun oyida chora-tadbirlar kengaytirildi. Natijada Xitoyning yirik banklari Rossiya kompaniyalariga nafaqat dollarda, balki yuanda ham to‘lovlarni to‘sib qo‘ymoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid