O‘zbekiston | 14:41 / 24.07.2024
9965
2 daqiqa o‘qiladi

Notkoin sotgan yana bir yigit 10 sutkaga qamaldi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 21 yoshli yigit 20 mingta notkoin kripto-aktivini 150 AQSh dollariga sotgan. Sud uni kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybli deb topdi va ma’muriy qamoq jazosi berish bilan birga telefon apparatini ham musodara qildi.

Foto: Kun.uz

Karmana tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan G‘.Yo. notkoin sotgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 28 iyun kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan fuqaroning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Jarayonda G‘.Yo.ga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanilgani aniqlangan.

Sud majlisida G‘.Yo. aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram’da yig‘ganini, 20 000 dona notkoinni 150 AQSh dollari evaziga sotganini ma’lum qilgan. Yigit bu qilmishi noqonuniy ekanini bilmaganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

JIB Chilonzor tuman sudining 23 iyuldagi qarori bilan G‘.Yo. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topgan. Unga nisbatan 10 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan telefon apparati tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilangan.

Avvalroq Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi ham notkoin sotgani uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgandi.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik nazarda tutilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoq (ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima) jazosiga sabab bo‘ladi. 

Mavzuga oid