Jahon | 22:01 / 25.07.2024
16472
8 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu AQSh Kongressida chiqish qildi

U Eronga qarshi birlashishga chaqirdi, ammo Hamas bilan sulh to‘g‘risida deyarli hech narsa demadi. O‘nlab demokrat kongressmenlar uning nutqini boykot qildi, Vashingtonda minglab kishilar uning tashrifiga qarshi namoyishga chiqdi.

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu chorshanba kuni AQSh Kongressida chiqish qilib, Eronga qarshi global alyans tuzishga chaqirdi va Vashingtonda G‘azodagi urushga qarshi namoyish qilayotgan falastinparast faollarni keskin tanqid qildi.

«Biz Eron bilan kurashayotganimizda AQShning eng radikal va qonxo‘r dushmaniga qarshi kurashayotgan bo‘lamiz, — dedi Netanyahu bir soatdan ortiqroq vaqt davom etgan nutqi davomida. — Bizning kurashimiz — bu sizning kurashingiz va bizning g‘alabamiz sizning ham g‘alabangiz bo‘ladi».

«Isroil bilan inoq bo‘lgan barcha mamlakatlar va Isroil bilan yarashgan barcha mamlakatlar ushbu alyansga qo‘shilishga taklif qilinishi kerak».

Netanyahu Isroil manziliga qaratilgan tanqidlarni rad etib, G‘azodagi urushni o‘z mamlakatining omon qolish uchun kurashi sifatida taqdim etgan va AQShdan harbiy yordamni tezlashtirishni talab qilgan.

U Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillning Ikkinchi jahon urushi vaqtida Amerika xalqiga qilgan murojaatidan iqtibos keltirib, shunday degan: «Bizga imkoniyat bering va biz ishni tugallaymiz».

Urushdan keyingi G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha qarashlarini bayon qilarkan, u isroillik harbiylar nazorati ostidagi «demilitarizatsiya va deradikalizatsiya qilingan» anklav yaratishga chaqirgan.

«G‘azoda Isroilni yo‘q qilishga intilmaydigan falastinliklar tomonidan boshqariladigan fuqarolik ma’muriyati bo‘lishi kerak. Bu juda katta iltimos emas», — degan u.

«Amerika va Isroil birlashishi lozim. Biz birga bo‘lganimizda, oddiy ish sodir bo‘ladi: biz g‘alaba qilamiz, ular yutqazadi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Associated Press. U Isroil Hamasning harbiy salohiyatini va uning G‘azodagi hokimiyatini yo‘q qilmagunicha, shuningdek, garovdagilarning barchasi qaytarilmagunicha kurashishda davom etishini aytgan. Uning fikricha, faqat shuni «to‘liq g‘alaba» deyish mumkin. 

Vakillar palatasi zalida Hamas asirligidan ozod etilganlar, shuningdek, hamon asirlikda qolayotganlarning oila a’zolari ham o‘tirishgan. AP agentligi qayd etishicha, ulardan kamida besh nafari urushni to‘xtatish va asirlarni qaytarish talab qilingan shiorlar yozilgan futbolkalarda bo‘lishgan. Kongressning kelib chiqishiga ko‘ra falastinlik bo‘lgan yagona a’zosi Rashida Tlaib Netanyahuning nutqi vaqtida «Harbiy jinoyatchi» va «Genotsidda aybdor» yozuvlari tushirilgan tablichkalarni ko‘tarib turgan. 

Netanyahuning nutqiga Vashingtondagi namoyish hamrohlik qildi. The Guardian xabariga ko‘ra, Kapitoliy tepaligi atrofida isroilliklar bosh vaziriga qarshi minglab kishilar to‘plangan. Bundan oldinroq politsiya Vashington markazidagi ko‘chalarning bir qismini transportlar harakati uchun yopgan, Nyu York politsiya boshqarmasidan ommaviy namoyishlarga qarshi kurashish tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar chaqirilgan. 

Namoyishchilar Isroil bosh vaziri «harbiy jinoyatchi» deb atalgan plakatlar ko‘tarishgan. Politsiyadagilar keyinroq Kapitoliy binosida Netanyahuning chiqishini buzishga uringan besh kishi ushlanganini xabar qildi. Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Isroil bosh vazirining boshidan shox o‘sib chiqqan va og‘zidan qon oqib turgan ulkan tulumini olib kelishgan. 

Isroil bosh vaziri Tehronni AQShdagi namoyishlarni moliyalashtirish va rag‘batlantirishda ayblagan, xuddi shu vaqtda Kapitoliy tepaligida aksiya uyushtirgan G‘azodagi tinchlik uchun harakat faollarini esa «Eronning foydali ahmoqlari» deb atagan.

«Noo‘rin tashrif»

Isroil bosh vazirining chiqishi vaqtidagi qizg‘in qarsakbozlik zalda kamida 39 nafar kongressmen (ularning deyarli barchasi demokratlar) yo‘qligi faktini yashira olmadi.

Ulardan biri Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi bo‘lib, u «janob Netanyahuning tashrifi o‘rinsiz»ligini aytgan.

«Ko‘pchiligimiz Hamasning 7 oktyabr kungi terrorchilik hujumi va odam o‘g‘irlashidan jabrlangan isroilliklar tingladik, — deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Netanyahuning chiqishidan keyin. — Bu oilalar garovdagilarni uyga qaytarishga imkon beradigan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishini talab qilishmoqda va biz umid qilamizki, bosh vazir o‘z vaqtini ushbu maqsadga erishishga sarflaydi».

BBC’ning Quddusdagi muxbiri Pol Adamsning qayd etishicha, Netanyahuning nutqida G‘azoda garovda ushlab turilganlarni o‘t ochishni to‘xtatish evaziga ozod etish bo‘yicha muzokaralar deyarli tilga olinmagan.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azoda tinchlik kelishuviga erishish borasida optimistik qarashni saqlab qolmoqda, degan brifingda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer.

Reuters agentligi yuqori martabali amerikalik mulozimga tayanib yozishicha, bu kelishuv bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda; Bayden va Netanyahu payshanba kuni «qolgan probellarni muhokama qiladi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan to‘siqlarni hal qilish mumkin va keyingi hafta mobaynida Isroil va Hamas o‘rtasida kelishuvga erishishga qaratilgan navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Payshanba kuni Netanyahu Jo Bayden va Kamala Harris bilan uchrashadi, juma kuni Donald Tramp bilan uchrashish uchun Floridaga yo‘l oladi.

Nomiya Iqbol, BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri

Netanyahu bir soatdan ortiq vaqt davomida Isroil manziliga qaratilgan tanqidlarni to‘xtatishga va G‘azodagi urushni uning mamlakatining omon qolish uchun kurashi sifatida taqdim etishga urindi.

Uning nutqi AQShning qo‘llovini saqlab qolishga urinish bo‘ldi.

Prezident Bayden zalda yo‘q edi. Ularning munosabatlari keskinlashgandi, ammo Netanyahu unga yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

Baydenning Demokratik partiyasida bo‘linish yuzaga kelgan — G‘azoda o‘ldirilgan falastinliklar sonidan darg‘azab bo‘lgan o‘nlab kongressmenlar nutqni boykot qilgandi.

Ular shuningdek Netanyahuni u AQShdan Isroildagi past reytingini haspo‘shlash uchun tayanch sifatida foydalanishda ayblashadi.

Netanyahu ikki mamlakat muammolarini hal qilish jarayoni haqida hech narsa demadi, holbuki Bayden ham, demokratlarning prezidentlikka nomzodi bo‘lishi kutilayotgan vitse-prezident Kamala Harris ham shuni istaydi.

Donald Tramp Oq uyga qaytishi mumkinligini hisobga olgan holda Netanyahu Trampga Amerika elchixonasini Quddusga ko‘chirgani uchun minnatdorchilik ham bildirdi.

Mavzuga oid