Jahon | 09:21 / 31.07.2024
11943
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Turkiyani NATOdan chiqarib yuborishga chaqirdi

Turkiya prezidenti o‘z mamlakatini «Eron yovuzlik o‘qi ishtirokchisiga» aylantirdi, dedi Isroil tashqi ishlar vaziri Erdo‘g‘anning tahdidlariga javoban. Katsning so‘zlariga ko‘ra, NATO Turkiyani «darhol chiqarib yuborishi» kerak.

Foto: Gili Yaari/NurPhoto

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘z davlatiga qarshi tahdidlariga javoban Turkiyani NATOdan «darhol chiqarib yuborish»ga chaqirdi. Kats 29 iyul kuni kechqurun «Erdo‘g‘an Turkiyani Eronning yovuzlik o‘qining ishtirokchisiga aylantirdi» dedi.

Uning eslatishicha, Isroilga bostirib kirish bilan tahdid qilayotgan Turkiya Isroil 2023 yil 7 oktyabrdagi misli ko‘rilmagan teraktdan buyon kurash olib borayotgan HAMAS guruhi a’zolarini qabul qilmoqda. 

Avvalroq Kats Turkiya prezidenti siyosatini Iroq diktatori Saddam Husaynning harakatlari bilan solishtirgandi. «Erdo‘g‘an Saddam Husaynning izidan bormoqda va Isroilga hujum qilish bilan tahdid qilmoqda», — deb yozdi Kats 28 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Erdo‘g‘anning tahdidlari 

Turkiya Liviya va Qorabog‘ga kirgani kabi Isroilga ham kirishi mumkin, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, uning so‘zlarini Al Ain Türkçe nashri keltirdi. «Qorabog‘ va Liviyaga qanday kirgan bo‘lsak, ularga ham shunday qilishimiz mumkin», - deya ogohlantirdi u Isroilning Falastinga nisbatan siyosatiga javoban. 

HAMAS harakatining Isroilga hujumiga javoban G‘azo sektorida Isroil armiyasi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. Erdo‘g‘an HAMASni «ozodlik tashkiloti» deb atagan va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Adolf Hitlerga qiyoslagan. Iyul oyi o‘rtalarida Turkiya rahbari uning mamlakati Falastin hududida barqaror tinchlik o‘rnatilmaguncha, NATO va Isroil o‘rtasidagi hamkorlikka endi rozi bo‘lmasligini aytgan edi. 

2020 yilda Turkiya BMT tomonidan tan olingan Liviya Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Liviyaga o‘z qo‘shinlarini yuborgan, deya eslatadi Reuters. Anqara Ozarboyjonning Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlariga bevosita aloqadorligini rad etadi, biroq 2023 yilda o‘zining yaqin ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun «barcha vositalarni, jumladan, harbiy tayyorgarlik va modernizatsiyani qo‘llashini» bildirgan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid