BMT hisoboti: Isroil tomonidan ushlangan falastinliklar qiynoqqa solinmoqda
IHOKB Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinliklarning ahvoli haqida hisobot e’lon qildi.
Isroil tomonidan o‘zboshimchalik bilan va yashirin ravishda qo‘lga olingan falastinliklar qiynoqqa solinmoqda.
Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOKB)ning 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil hukumati tomonidan minglab falastinliklarning o‘zboshimchalik bilan, uzoq muddat va yakka tartibda hibsda saqlanishi haqidagi hisobotida aytiladi.
Hisobotda Isroil tomonidan hibsga olingan falastinlik ayollar va erkaklarga nisbatan qiynoqlar, jumladan jinsiy zo‘ravonlik va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat haqidagi da’volar mavjud.
Hujjat mualliflarining qayd etishicha, 7 oktyabrdan beri minglab falastinliklar, jumladan tibbiyot xodimlari, bemorlar va mahalliy aholi, shuningdek, janglardan qochgan boshqa odamlar G‘azo sektoridan zanjirlangan va ko‘zlari bog‘langan holda Isroilga olib ketilgan.
Hisobotda aytilishicha, falastinliklar ko‘pincha yashirin joylarda, hech qanday sababsiz hibsda saqlanadi va ularga huquqiy maslahat berilmaydi hamda tegishli jarayondan mahrum qilinadi.
IHOKB, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil qamoqxonalari va harbiy bazalarida kamida 53 nafar falastinlik halok bo‘lganini aniqladi.
G‘azoda qo‘lga olinganlar asosan erkaklar, jumladan, o‘smirlar bo‘lib, ularning aksariyati G‘azo shimolidan janubga ko‘chib o‘tayotganda maktablar, shifoxonalar, uylar yoki nazorat punktlarida ushlangan.
«Isroil armiyasi, odatda, G‘azoda falastinliklarni hibsga olish sabablarini oshkora tushuntirmaydi, garchi ba’zi hollarda ular Falastin qurolli guruhlari yoki ularning siyosiy qanotlari bilan bog‘liqligini da’vo qiladi», deb ta’kidlaydi mualliflar.
Isroil ushlanganlarning aksariyati taqdiri va qayerda ekanligi haqida ma’lumot bermayapti va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ)ga ularning hibsxonalariga kirishga ruxsat berilmagan, deyiladi matnda.
Hisobotda falastinlik mahbuslarning qafasga o‘xshash xonalarda saqlanganliklari, uzoq vaqt kiyimsiz qoldirilganliklari yoki bitta mato ichida qoldirilganliklari haqida guvohliklari ham o‘rin olgan.
Guvohliklarga ko‘ra, falastinliklar uzoq vaqt davomida ko‘zlari bog‘lab qo‘yilgan, oziq-ovqat, uyqu va suvdan mahrum bo‘lgan, elektr toki urishiga duchor qilingan, badanlarida sigaret o‘chirilgan, itlarga talatilgan.
Bu harakatlar xalqaro gumanitar huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi
Hisobotda fikrlari o‘rin olgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk 2023 yil 7 oktyabrdan beri hibsga olingan ko‘plab erkaklar, ayollar, bolalar, shifokorlar, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilarining ayanchli sharoitlarda saqlanishini aytdi. Ular har qanday ayblovlarsiz va sud qarorisiz ushlab turilibdi, qiynoqlarga duchor bo‘lyapti.
Turk tegishli jarayon kafolatlarining buzilishi haqidagi xabarlar jiddiy tashvishga solayotganini ta’kidlab, bu kabi ushlash va hibsga olishlarning o‘zboshimchalik bilan jazolash xususiyatiga ega ekaniga e’tibor qaratdi.
«Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqalar tomonidan to‘plangan dalillar shuni ko‘rsatadiki, suv bilan qiynoqqa solish va itlarga talatish kabi bir qator dahshatli xatti-harakatlar xalqaro huquq, inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqning ochiq-oydin buzilishidir», - dedi u.
Xalqaro gumanitar huquq qamoqxonadagi har bir kishini zo‘ravonlik va tahdidlardan himoya qiladi, deya e’tibor qaratgan Turk. U G‘azoda hamon ushlab turilgan barcha mahbuslar va Isroil tomonidan o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olingan barcha falastinliklarni ozod qilish chaqirig‘ini takrorladi.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024
Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
14:13 / 08.11.2024