Jahon | 21:30 / 03.08.2024
12275
8 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi keskinlik: g‘arb mamlakatlari o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirmoqda

Tavsiyalar Eron va uning ittifoqchilari, xususan, Livandagi «Hizbulloh» guruhi Isroilga qarshi zarbalar tayyorlamoqda, degan xavotirlar fonida yangradi.

Foto: EPA

Yaqin Sharqdagi mojaroning kengayishi ehtimolidan xavotirlar kuchaymoqda: bir necha mamlakat o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirdi, AQSh esa ushbu mamlakatdagi amerikaliklardan qanday yo‘l bilan bo‘lmasin u yerdan ketishni so‘radi.

Eron Tehronda Hamas siyosiy byurosi yetakchisi Ismoil Haniya  o‘ldirilishida Isroilni ayblab, buning uchun undan «qattiq qasos» olishga va’da berdi. Isroil, o‘z odatiga ko‘ra, guruh yetakchisining o‘limiga hech qanday munosabat bildirmadi. Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy Isroil bu qotillik uchun «qattiq jazo» olishini aytgan.

Haniyaning o‘limi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarni ham xavf ostiga qo‘ydi.

Eronning yangi prezidenti Ma’sud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimiga tashrif buyurgan Haniya Isroil aviatsiyasi Livan poytaxti Bayrutda «Hizbulloh»ning muhim qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukurni yo‘q qilishidan bir necha soat o‘tib Tehrondagi qarorgohida halok bo‘lgan.

G‘arbdagi mulozimlar Eron Isroil bo‘ylab javob zarbasini aynan «Hizbulloh» qo‘li bilan berishi mumkinligini aytishmoqda. Bu esa Isroil tomonidan ham jiddiyroq javobni keltirib chiqarishi tayin.

AQSh va g‘arbning boshqa mamlakatlari mintaqadagi keskinlikni diplomatiya yordamida kamaytirishga urinishda davom etmoqda.

Ammo AQSh, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Kanada va Iordaniya o‘z fuqarolarini imkon qadar tez fursatlarda Livanni tark etishga ham chaqirgan. Beyrutdagi yagona xalqaro aeroport esa reyslar bekor qilinmoqda. Ayrim chiptalar narxi haddann tashqari qimmatlashmoqda, ammo hozircha odamlar vahimaga tushib, mamlakatdan qochishga tushishi kuzatilayotgani yo‘q.

«Hizbulloh» 2023 yil 7 oktyabrida Hamas tomonidan uyushtirilgan hujumdan keyingi kuni Isroil hududini o‘qqa tutishni boshlagan, buni G‘azodagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashi bilan izohlagan. Ammo ushbu guruhning hujumlari asosan chegaradosh hududlar bilan cheklangan va ikki tomon ham bir necha bor mojaro kengayishidan manfaatdor emasligini bildirgan.

Isroil va Eron o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlik esa iyul oyi oxirida Jo‘lan tepaliklaridagi futbol o‘yingohiga yo‘llangan zarba oqibatida 12 bola halok bo‘lishi ortidan kuchaydi. Isroil bu hujumda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «Hizbulloh»ni ayblagan va «qattiq» qasos olishini bildirgan, livanliklar guruhi esa bu zarbaga aloqadorligini rad etgan.

Bir necha kun o‘tib «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrullohning yaqin safdoshlaridan biri Fuad Shukur isroillik harbiylarning Bayrutga yo‘llagan aviazarbasi qurboni bo‘ldi. Bu zarba oqibatida jami to‘rt kishi halok bo‘lgan, shundan ikki nafari bolalar.

«Hizbulloh» a’zolari Bayrutning janubiy chekkasida, guruhning tayanchi hisoblangan hududda Fuad Shukur o‘ldirilgani uchun javob qaytarishga ont ichishgan. Yakshanbaga o‘tar kechasi «Hizbulloh» Isroil shimolidagi Bayt-Hillol bo‘ylab o‘nlab raketalar uchirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda isroilliklarning «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi raketalarni tutib qolayotgani aks etgan. Qurbonlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Isroil harbiy-havo kuchlari bunga javoban Livan janubidagi nishonlar bo‘ylab zarbalar bergan.

Yakshanba tongida Isroilning Xolon shahrida ikki kishi pichoq bilan qilingan hujum qurboni bo‘ldi. Mahalliy politsiya hujum qilgan shaxs yo‘q qilinganini bildirgan.

AQShning Bayrutdagi elchixonasi shanba kuni bergan bayonotda «Livanni tark etishni rejalashtirayotganlar, hatto reys darhol uchib ketmasa yoki manzil xohishga to‘liq mos kelmasa ham, mavjud chiptalarni band qilish»ga chorlangan.

Elchixona Livanni tark etishni istamagan amerikaliklarga «favqulodda vaziyatlarga, shuningdek, uzoq vaqt davomida uyda yashirinish bilan bog‘liq vaziyatga tayyor bo‘lish»ni tavsiya qilgan.

Pentagon Isroilga Eron va uning tarafdorlarining ehtimoliy hujumidan himoyalanishga yordam berish uchun mintaqaga qo‘shimcha harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlar yuborilishini ma’lum qilgan. Ittifoqchilar aprel oyida, Eron Suriyadagi diplomatik kompleksi hududiga yo‘llangan zarbadan keyin bunda Isroilni ayblab, ushbu mamlakat hududiga 300 dan ortiq raketa va pilotsiz uchar qurilmalar uchirganida ham xuddi shunday strategiya qo‘llagandi.

Hozira ko‘pchilik Eron Haniyaning o‘limiga ham apreldagi kabi tarzda javob qaytarishini taxmin qilmoqda.

Yevropa davlatlari evakuatsiyaga tayyorlanmoqda

Buyuk Britaniya evakuatsiyaga yordam berish uchun qo‘shimcha harbiy xizmatchilar, konsullik xodimlari va chegara xizmati xodimlari yuborilishini ma’lum qilib, fuqarolarini tijoriy reyslar amalga oshirib turilganida Livanni tark etishga chaqirgan. Mintaqada hozirda britanlarning ikkita harbiy kemasi bo‘lib turibdi, qirollik harbiy havo kuchlari esa transport vertolyotlarini shay holatga keltirgan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi mintaqadagi vaziyat «tezda yomonlashishi mumkinligi»ni aytgan.

Germaniya ham o‘z fuqarolaridan zudlik bilan Livanni tark etishni so‘ragan. «Vaziyatning yanada keskinlashishi va mojaroning kengayishini inkor etib bo‘lmaydi. Bu, xususan, Bayrutning janubiy hududlari uchun ham tegishli, Rafiq Haririy aeroportidan havo qatnovining to‘liq to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin. Oqibatda Livandan havo orqali chiqib ketish imkoni bo‘lmaydi», deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, Belgiya, Fransiya va Norvegiya tashqi ishlar vazirliklari ham o‘z fuqarolarini Livanni tark etishga chaqirdi. 

«Mintaqadagi so‘nggi voqealar tufayli... belgiyaliklarga Isroil, Quddus va Falastin hududlaridan chiqib ketish tavsiya etiladi», deyiladi Belgiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ham fransuzlarni Livan, Isroil va Falastin yerlariga sayohat qilishdan tiyilishga chaqiruvchi bayonot berdi. «Fransiya o‘z fuqarolarining Livan, Isroil yoki Falastin hududlariga sayohat qilmasligi muhimligicha qolayotganini eslatadi», deyiladi xabarda.

Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, norvegiyaliklarni Livanni tark etishga chaqiruvini e’lon qildi.

Juma kuni Eron tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Ali Bog‘iriy Yevroittifoq tashqi siyosat idorasi rahbari Jozep Borrel bilan telefon muloqoti chog‘ida Eron Isroilni jazolash uchun «o‘zining ajralmas va qonuniy huquqidan albatta foydalanishi»ni bildirgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroilliklarni «murakkab kunlar» kutayotganidan ogohlantirgan, ammo mamlakat «har qanday ssenariy»ga tayyorligini aytgan.

Mavzuga oid